Andijonda 594 gramm gashishni oyoq kiyimlariga yashirib olib o‘tishga uringan shaxs ushlandi, deya xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyati bojxona boshqarmasi “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali qo‘shni mamlakatdan O‘zbekistonga kirib kelgan fuqaro X.R.ning oyog‘iga kiyib olgan qora rangli krossovkasi og‘irligi hamda tag qismi qalinligi bojxonachilar e’tiborini tortgan va ushbu shaxs belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilgan.
Natijada uning oyoq kiyimlari ichida 4 dona polietilen paketlarga o‘ralgan, vazni 594,05 grammni tashkil etuvchi gashish giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Mirzo Ulug‘bek tumanida 9,2 milliard so‘mlik qalbaki dorilarni qadoqlab sotishga uringan shaxslar qo‘lga olingani, DXX Toshkent shahri, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan bir necha shaxsni qo‘lga olgani hamda Toshkent viloyatida qariyb 1 milliard so‘mlik giyohvand va psixotrop dori vositalari noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)