Andijon viloyatining Baliqchi tumani hokimi Jasur Abduraimov yosh tadbirkorlar bilan uchrashuvda o‘rinbosarini koyib, unga hokimlik harakatlariga qarshilik ko‘rsatayotgan yoshlar ustidan IIBga ariza yozib berishi kerakligini aytdi. Bu haqdagi video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Videoda asabiylashgani ko‘ringan hokim o‘rinbosariga “Bir tiyinga qimmat bola ekansan, noinsof!”, deganini eshitish mumkin.
“Siz, nima? Kimdan ikki ming dollar talab qilyapsiz? Men seni 10 marta ogohlantirdim, to‘g‘rimi? Hammaning ichida ham ogohlantirdim, hammadan tashqari ham ogohlantirdim… Ikki ming dollar ‘uje’, sen olibsan. Tushundingmi? Men, sen u bolani yomon ko‘rar ekanman. U bolani yomon ko‘rganim uchun yerini chiqartirib yuboribman. Men shunaqa qildimmi? Mana gapir… Qiblaga qarab gapir, bo‘lmasa”, — deya hokim o‘rinbosarini so‘roqqa tutgan. Bunga javoban hokim o‘rinbosari “O‘lchayotganimizda bir sotixga talashgani uchun shunaqa qildim”, — deya tushuntirish bergan.
Ma’lum bo‘lishicha, hokimlik yoshlar sanoat zonasidan yer ajratishda ro‘yxat boshida turganlarning ayrimlarini tushirib qoldirgan va yer bermagan. Yosh tadbirkorlardan biri esa bunda hokim o‘rinbosarini ayblab, yer olish uchun o‘rinbosar undan 2 ming dollar talab qilganini va pulni olganini aytgan. Hokim esa bunga javoban o‘rinbosariga pora olmagan bo‘lsa, yosh tadbirkor ustidan yozib berishi kerakligini aytgan. Shuningdek, hokim agar tadbirkorning gapi rost bo‘lib, isbotlay olsa, o‘rinbosarini qamatishini bildirgan.
“Ey, chiqarib yubor, qo‘rqma, chiqarib yubor, tushundingmi? Xohlagan joyiga borsin. Isbotlab berolmagan mana bu bolaga hozir men tushuntirib berdim. Isbotlab berolmagan ‘lyuboyi’ni chiqarib yuborasan. Har bitta bola mana shunaqa qilib bersin. Bitta-bitta ertalab o‘zim qabul qilib olaman hammasini. Ko‘rasan, 66 ta emas, 86 ta lot qilaman mana shu yerda. Lotni bo‘lmaysan, to‘xtatasan hozir. Men senga ishongan edim, bir tiyinlik bola ekansan. Bir tiyinga qimmat bola ekansan, noinsof”, — deydi Baliqchi hokimi.
Izoh (0)