Namangan viloyati delegatsiyasi Navro‘z bayrami arafasida Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida bo‘ldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Hokimlik, turizm va ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiya a’zolarini Qirg‘iziston hukumatining Jalolobod viloyatidagi vakolatli vakili Abdusattor Sirg‘aboyev qabul qildi.
O‘zaro muzokaralar davomida ikki viloyat o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash haqida so‘z bordi. Namangan va Jalolobodning investitsiya salohiyati, qo‘shma korxonalar tashkil etish borasidagi imkoniyatlariga to‘xtalib o‘tildi.
Vakolatli vakilga Namangan viloyati hokimining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shundan so‘ng Namangan viloyati delegatsiyasi Jalolobodda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun taklif etilayotgan korxonalar bilan tanishdi. Jumladan, Xitoy, Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilinayotgan “Kelechek” mineral suvlari ishlab chiqariladigan shu nomli aksiyadorlik jamiyati, travertin mahsulotlari tayyorlanadigan “Tash-Kurulush” MChJ, qariyb 40 gektar maydonni egallagan “Jalolobod” sihatgohi, Novkent tumanidagi logistika markazi uchun mo‘ljallangan binolar ko‘rildi.
Novkentda qishloq faollari va oqsoqollari bilan muloqot o‘tkazildi. Uchrashuvda nuroniylar har ikki viloyat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga muvaffaqiyat tilab, duo qilishdi.
Namangan delegatsiyasi safari yaqin orada ochilishi kutilayotgan “Uchqo‘rg‘on—Kentsay” chegara punktini ko‘zdan kechirish bilan yakunlandi.
Izoh (0)