O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova “Xalqlar do‘stligi” saroyida 10–25-mart kunlari “Yurak” deb nomlangan navbatdagi yakkaxon konsert dasturini taqdim etmoqda.
Konsert dasturining birinchi kunida sahnaga o‘rnatilgan chiroq uzilib ketdi. Ushbu vaziyatda Yulduz Usmonova saroy xizmatchilaridan chiroq bo‘laklarini supurib, tozalab olishlarini, agar tozalab olishmasa, raqqosalarning oyog‘i shikastlanib, zarar yetishi mumkinligini aytdi.
Qiziqchi Shukrullo Isroilov esa “hattoki sahna chirog‘i ham Yulduz Usmonovaning ovoziga bardosh bermay, portlab ketdi. Chiroq ham Yulduz Usmonovani sog‘inib turgan ekan, ‘mana Yulduz keldi, chirog‘imni beraman’, dedi-yu, yorilib ketdi”, deya vaziyatni qo‘lga oldi.
Ushbu holat bo‘yicha konsert bosh rejissori va prodyuseri Mansur Agaliyev quyidagicha fikr bildirdi.
Konsert dasturlarimiz tarixida eng qiyin kun shu yilgi dasturimizning birinchi kuni bo‘ldi. “Tepadan shisha chiroq uzilib tushdi”, deyishdi. U chiroq yaxshigina katta bo‘lib, agar boshga tushganda juda jiddiy ish bo‘lar edi. Shokka tushib qoldim. “Saroy xizmatchisini olib chiq”, desam, u xizmatchi kiyimidamasman, deyapti.Shunday vaziyatda Shukrullo Isroilov va Yulduz Usmonova improvizatsiya qilishdi. Kelgan tomoshabinlar bu uyushtirilgan holat, deya noto‘g‘ri taxminga ham borishibdi.
Jonli konsert bo‘lganidan so‘ng kimdir yiqilib tushadi, monitor ishlamay qolishi yoki bir boshqa holatlar bo‘lishi mumkin. Jonli ijrodagi konsertlarning zavqi ham shunda bo‘lsa kerak.
Mansur Agaliyev, Yulduz Usmonovaning prodyuseri
Izoh (0)