Zangiotada qalbaki AQSh dollari kupyuralarini sotayotgan va sotib olayotgan shaxslar ushlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zangiota tuman bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbirda fuqarolar M.Y., D.X., R.A. va boshqalar o‘zaro oldindan til biriktirib, fuqaro D.ga qalbaki 100 AQSh dollarini haqiqiy 50 AQSh dollariga sotishga kelishib, qalbaki 5000 AQSh dollarini 2500 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan avval Toshkentda qalbaki 5,5 ming yevroni sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani, Namanganda 200 dona 100 dollarlik qalbaki kupyurani muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangani hamda Toshkentda to‘yda sochish uchun yuzta 100 ming so‘mlik kupyura yasagan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)