Buxoro viloyatining Kogon shahrida fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan 215 million so‘m kredit pulini o‘zlashtirgan jamiyat rahbari hamda “Xalq banki” mutaxassisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Kogon shahridagi “K.S.” MChJ rahbari R.M. hamda “Xalq banki” Kogon shahar filiali mutaxassisi Sh.A. oldindan til biriktirib, to‘rt nafar fuqaro nomiga ajratilgan jami 43 million so‘m kreditni mas’uliyati cheklangan jamiyat hisob raqamiga o‘tkazgan. Shuningdek, to‘qqiz nafar fuqaro nomiga 172 million so‘m mikroqarzni rasmiylashtirib, talon-toroj qilgan.
Huquq-tartibot idoralari tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha zarbdor oylik doirasida o‘tkazilgan tekshiruvda ushbu mablag‘larning o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilingani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan fuqarolar R.M. hamda Sh.A.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)