Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida fuqaroni “ayollar daftari”ga kiritish uchun pora talab qilgan mahalla raisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro D.M. IIBga ariza bilan murojaat qilib, undan 500 dollar pora talab qilgan “O‘roqli” MFY raisiga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Ushbu mahalla raisi bu pul evaziga uni kam ta’minlangan oilalar uchun qurilayotgan uylarga ehtiyojmand fuqaro sifatida mahalla “ayollar daftari” (“temir daftar”)ga ro‘yxatga olish va tegishli tavsiyanoma berishni hamda tuman hokimligida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali uy olib berishni va’da qilgan.
Ariza yuzasidan DXX Toyloq tuman bo‘limi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mahalla raisi ayoldan 500 dollarni Bulung‘ur tuman IIBning ma’muriy binosi oldida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (xizmat mavqeyidan foydalanib, firibgarlik sodir etish) va 28-211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkentda mahalla raisi va bandlik inspektori ishsizlarga ajratilgan 36 million so‘mni talon-toroj qilgani, Bekobodda mahalla raisi nafaqaga muhtoj bo‘lmagan fuqarolarga 100 million so‘mdan ortiq pul tayinlagani, Navoiyda mahalla raisi ikki nafar ehtiyojmand fuqarodan 28,5 million so‘mni firibgarlik orqali qo‘lga kiritgani aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)