PSJ yarim himoyachisi Anxel di Mariyaning uyida Fransiya chempionati doirasida “Nant”ga qarshi 14-mart kungi o‘yin (1:2) vaqtida o‘g‘rilik sodir etildi, deya xabar qilmoqda ESPN.
Parijliklar sport direktori Leonardo voqea haqida Maurisio Pochettinoni ogohlantirgach, mutaxassis Anxelni 62-daqiqada zaxiraga oldi. Di Mariya darhol stadionni tark etdi va uyiga ravona bo‘ldi.
Manbaga ko‘ra, PSJ himoyachisi Markinyosning ota-onasi istiqomat qiladigan uyda ham talonchilik sodir bo‘lgan. Hatto o‘g‘rilar futbolchining oila a’zolarini garovga olgani haqida ma’lumotlar bor. Braziliyalik futbolchi uchrashuvda to‘liq harakat qilgandi.
Politsiya mazkur voqealar yuzasidan tergov ishi qo‘zg‘agan.
Eslatib o‘tamiz, Di Mariya 2015-yilda “Manchester Yunayted” safida harakat qilgan vaqtida ham o‘g‘rilardan jabr ko‘rgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)