Toshkentda 10 yoshli bolaning nomusiga tegishga uringani aytilgan taksi haydovchisi ushlandi
Toshkentda voyaga yetmagan o‘g‘il bolaning nomusiga tegmoqchi bo‘lgan taksi haydovchisiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Poytaxt IIBB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi shaxs qo‘lga olingan.
28-fevral kuni fuqaro B.J. 11 yoshli o‘g‘li Chilonzor tumanidagi uyidan amakisining uyiga borish uchun qora rangli Nexia-3 rusumli taksiga chiqqani, haydovchi esa unga nisbatan uyatsiz buzuq harakatlar sodir etganini aytib, Chilonzor tumani IIO FMB tergov bo‘limiga murojaat qilgan edi.
Shundan so‘ng taksi haydovchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondor qidirilayotgani xabar qilingan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, gumondor 47 yoshli G‘.D. ekanligi ma’lum bo‘ldi. “Hozirgi kunda u ushlangan va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan ayb e’lon qilinib, sud tomonidan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Toshkentda liftda voyaga yetmagan qizlarga tegajog‘lik qilgan erkak 1,5 yilga qamalgani, Sirdaryolik erkak maktab hojatxonasida 8 yoshli qizga nisbatan axloqsiz harakatlarni amalga oshirgani ma’lum bo‘lgani hamda Sirdaryoda o‘gay qiziga zo‘ravonlik qilgan ayol ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.