Farg‘ona shahridagi “Fayz” tantanalar saroyida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov O‘zbekiston Qahramoni Lola Murotova bilan “Farg‘onada bittagina” qo‘shig‘iga raqs tushdi.
“Daryo” muxbiri Azizjon Ermatovning ta’kidlashicha, tadbirda Xayrullo Bozorov O‘zbekiston Qahramoni Lola Murotova bilan bir dasturxon atrofida o‘tirib, muloqot qilgan va u bilan bog‘liq bir voqea haqida so‘zlab bergan.
“Lola opa bilan o‘tirib, bitta voqea esimga tushib qoldi. Kulishib opaga eslatdim. Nazarimda, yaratgan egam oldinroqdan Farg‘onaga kelishimga bir belgi berib qo‘yganga o‘xshaydi. Namanganda hokim bo‘lib ishlab yurgan paytimda, Qo‘qondagi festivalga kelgandik. Xalqaro hunarmandchilik festivalining konsert qismida Andijon, Namangan viloyati hokimlari ham taklif qilinganmiz. Birinchi qatorda, muhtaram prezidentimiz qatorlarida o‘tiribmiz. Yonimda Lola opa borlar. ‘Keling, Qahramonsiz, yoningizda o‘tiray’ deb birga o‘tirgandim. ‘Namanganning olmasi’ qo‘shig‘i yangrab qoldi. Rahbariyat menga qarab, o‘ynashga undashdi. O‘rtaga chiqib qarasam besh ming odam menga qarab turibdi. Yiqilib qolmay deya, Lola opaga ‘yordamga, ‘podderjka’ga chiqing, ikkovimiz bir o‘ynaylik’ dedim. Shunaqa qilib Lola opa bilan birga o‘ynaganmiz.
Bu ham bejiz bo‘lmagan ekan. Shunga Abdujalil Qo‘qonovdan bugun iltimos qildim, ketmay turing deb. Mayli, ‘Namanganning olmasi’ bo‘lmasa ham, ‘Farg‘onada bittagina’ga o‘ynaylik opa bilan, juft bo‘lsin. Oldin Namanganning hokimi sifatida o‘ynagan edim, endi Farg‘ona viloyati hokimi sifatida ham birga o‘ynaylik”, — degan viloyat hokimi.
Shundan so‘ng Xayrullo Bozorov va Lolaxon Murotova “Farg‘onada bittagina” qo‘shig‘iga raqs tushgan.
Tadbirda davlat va jamiyat hayotidagi faolligi, o‘zlarining yuksak samarali mehnati bilan o‘rnak ko‘rsatgan 22 nafar xotin-qizga “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni topshirilgan.
Shuningdek, bir guruh faol xotin-qizlar viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlangan.
Izoh (0)