Nijniy Novgorod viloyatida Rossiyaning birinchi xususiy kosmodromining qurilish loyihasi to‘xtatildi. Bu haqda loyiha ustida ishlayotgan “Kosmokurs” xususiy kosmik kompaniyasining bosh direktori Pavel Pushkinga tayanib, Meduza xabar berdi.
“RIA Novosti” bilan suhbatda Pushkin byurokratik to‘siqlar haqida shikoyat qilgan. “Kosmodrom ishi bo‘yicha hech narsa hal bo‘lmayapti. Hamma ishni bir-biriga tashlayapti”, — deydi u.
Unga ko‘ra, bir yil oldin kompaniya Nijniy Novgorod viloyati hokimiyati bilan kosmodromning sanitariya muhofazasi zonasini muvofiqlashtirish to‘g‘risida kelishib olgan. Tegishli loyiha “Rospotrebnadzor”ning Nijniy Novgorod institutiga, keyin Federal biotibbiyot agentligiga, undan keyin Federal “Rospotrebnadzor”ga yuborildi. Kompaniya rahbari hech qanday javob olinmaganini aytgan.
Shuningdek, kosmik sayyohlar uchun suborbital raketani yaratish loyihasi bo‘yicha ishlar ham to‘xtatilgan, deya xabar bergan Pushkin “TASS” nashriga. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Kosmokurs” ikki yildan buyon loyihalashtirish uchun Mudofaa vazirligidan me’yoriy hujjatlarni ololmayapti. Shuningdek, Pushkinning qayd etishicha, harbiylar “qonuniy nuqtayi nazardan to‘g‘ri gapiryapti”, chunki Mudofaa vazirligi “Kosmokurs” loyihalarining buyurtmachisi emas.
Avvalroq Marsga uchishga mo‘ljallangan Starship raketasi prototipi qo‘nganidan keyin portlab ketgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)