Toshkent shahridagi Kongress-xollda ayni paytda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan tantanali marosimda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda. Tadbirda davlat rahbari o‘z nutqida ayollarni bayram bilan tabrikladi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Inson hayoti va jamiyat rivojida muqaddas Ona zoti, munis ayollarimizning beqiyos o‘rnini oddiy so‘zlar bilan ifoda etish nihoyatda qiyin vazifa. Mana shunday paytda siz, azizlarning sha’ningizga madhiyalar aytish uchun odam shoir bo‘lib tug‘ilmaganiga afsuslanib qoladi.

Bu yorug‘ dunyoni quyoshsiz, yer-u osmonsiz tasavvur etib bo‘lmaganidek, hayotimizni ham mo‘tabar onalarimiz, mehribon ayollarimizdan ayri holda tasavvur etolmaymiz. Sizlar, biz uchun, avvalo, muqaddas ona, aziz Vatan, oila timsoli, bitmas-tuganmas mehr, ezgulik va kuch-g‘ayrat manbaidirsiz.

Bu azaliy haqiqatni murakkab pandemiya sharoitida, ayniqsa, chuqur his etmoqdamiz. Sizlar – fidoyi shifokorlar, mehribon hamshiralar ko‘rsatgan jasorat va matonat tufayli ming-minglab bemorlar davo topdi. Sizlarning ustoz sifatidagi faoliyatingiz evaziga millionlab farzandlarimiz, ta’lim va tarbiyadan uzilib qolmadi. Sizlarning barcha sohalardagi fidokorona mehnatingiz hisobidan mamlakatimizning qudrati va salohiyati, xalqaro obro‘-e’tibori tobora ortib bormoqda.

Biz bugun barcha sohalarda marrani juda katta olyapmiz, qancha-qancha ulkan dasturlar, reja va loyihalarni amalga oshiryapmiz. Ular birinchi navbatda onalarimiz, opa-singillarimiz, aziz farzandlarimizning hayot va mehnat sharoitini yaxshilashga qaratilgan.

Fursatdan foydalanib, barchamizga doimo tog‘dek tayanch bo‘lib kelayotganingiz uchun, sizlarga, butun O‘zbekiston xotin-qizlariga, chuqur minnatdorchilik bildiraman. Bugungi davramizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning hurmatli elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini ham chin dildan qutlayman. Mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik uchun ularga samimiy tashakkurimni izhor etaman.

Shavkat Mirziyoyev. O‘zbekiston Prezidenti

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bir guruh ayollarni mukofotlagani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekistonda 14 mahkuma bayram arafasida ozodlikka chiqarildi, yana 2 ayolning jazosi yengillashtirilgan.