Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani “Karim devona” mahallasi yaqinida faoliyat yuritayotgan sement va alebastr zavodlari aholi salomatligi va atrof-muhit tozaligiga zarar yetkazayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Aholi bolalar allergiyaga chalinayotgani, o‘pka, nafas yo‘llari kasalliklari ko‘payayotganidan shikoyat qilgan.

Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ushbu holat yuzasidan o‘rganish olib borilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, o‘rganish davomida O‘zbekiston tumani Sho‘rsuv shaharchasi hududidagi 35 ta qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari faoliyat ko‘rsatayotgani aniqlangan.

Sho‘rsuv shaharchasida aholi yashash punktlaridagi gips ishlab chiqarish korxonalari atrofidan chang miqdori tahlil qilinganida 1.1mg/m3 dan 1.9 mg/m3 gacha ortganligi ma’lum bo‘lgan. Bu holat aholi o‘rtasida yuqori nafas yo‘llari kasalliklari, laringit, surunkali bronxitlar, sil kasalliklari va shunga o‘xshash kasalliklarni ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, ushbu korxonalarga ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan gips, alebastr changlari va boshqa zararli moddalarni ushlab qolish, filtr o‘rnatish choralarini ko‘rish talabi qo‘yildi.

Tekshirish yakunlari bo‘yicha korxonalarga chang va gaz ushlash qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha majburiy topshiriqlar berilgan bo‘lib, yuqorida zikr etilgan korxonalar tomonidan chang va gaz ushlash qurilmalari o‘rnatildi.

Shuningdek, korxona rahbarlariga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, hududiy ma’muriy sud organlariga qonuniy chora ko‘rish uchun yuborilgan.