O‘zbekiston fuqarosini Janubiy Koreyaga jo‘natishni aytib, undan ko‘p miqdorda pul olgan xorij fuqarosi qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Tergov departamenti.

Qayd etilishicha, 2020-yilning oktabr oyida Janubiy Koreya fuqarosi 59 yoshli Kim Yeon Sun Mirobod tumani Afrosiyob ko‘chasida joylashgan vaqtincha yashash xonadonida bo‘la turib, 37 yoshli S.X.ning ishonchiga kirgan.

Xorijlik S.X.ni Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, jami 57 000 AQSh dollarini aldov yo‘li bilan olib, bergan va’dasini bajarmagan.

Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Kim Yeon Sunga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlariga kirishilgan.

Hozirda tergov davom etmoqda.

Bundan avval Toshkentda 1100 ga yaqin fuqaroni 8 milliard so‘mga chuv tushirgan xususiy bandlik agentligi mansabdorlariga sud hukmi o‘qilgani hamda Qashqadaryoda Janubiy Koreyaga jo‘natishini aytib, fuqarolardan 9500 dollar olgan shaxs ushlangani xabar berilgandi.