Ushbu haftaning ish kunlari oxirida O‘zbekiston hududi Rossiyaning Yevropa hududi orqali kirib kelgan juda sovuq havo massalari ta’siri ostida bo‘ldi, deb yozmoqda “O‘zgidromet”.
Kechasi va ertalab havo harorati 10-12 daraja sovuqqacha pasaydi. Qoraqalpog‘istonda 20-22 daraja sovuq, Ustyurtda 23-25 daraja sovuq bo‘ldi. Kunduz kunlari harorat 4-6 daraja sovuqdan yuqoriga ko‘tarilmadi, shimolda harorat 8-10 daraja sovuq atrofida bo‘ldi. Bunday harorat me’yoriy qiymatlardan 12-17 daraja past bo‘ldi.
Qayd etilishicha, 26-fevraldan boshlab sovuq havo massalari respublika hududidan chiqishni boshladi. Uning o‘rniga Turkmaniston hududlaridan iliq havo massalari kirib kelmoqda.
“Dam olish kunlari havoning ilishi davom etadi. Yakshanba kuniga kelib, kechasi 3-5 daraja sovuqqacha kuchsizlanadi, kunduz kunlari esa 7-12 daraja iliqqacha ko‘tariladi. Ammo bu fevral oyining oxiridagi iqlimiy me’yorlardan biroz pastroqdir”, — deyiladi “O‘zgidromet” xabarida.
Respublika hududining ko‘p qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyati va respublikaning tog‘li hududlarining ba’zi joylarida biroz qor yog‘adi.
O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.
Izoh (0)