Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatda hokimiyatni o‘z farzandlariga, xususan, to‘ng‘ich o‘g‘li Viktorga topshirish niyatida emasligini ma’lum qildi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

Aleksandr Lukashenko va uning o‘g‘illari

Foto: Reuters

“Ko‘p eshitsangiz kerak: hokimiyat tranziti, Lukashenko hokimiyatni hech bo‘lmaganda to‘ng‘ich o‘g‘liga topshiradi, u mamlakatda hukmronlik qiladi, degan gaplar yuradi. Mening oilamda bu hech qachon muhokama qilinmagan va muhokama qilinishi mumkin emasligini ham ko‘p aytganman. Chunki mendan keyin birorta farzandim Belarus prezidenti bo‘lmaydi”, — dedi davlat rahbari Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) yig‘ilishida.

Shu paytgacha MOQ birinchi vitse-prezidenti sifatida ishlagan Viktor Lukashenko 26-fevral kuni qo‘mita prezidenti etib saylandi. O‘g‘lidan avval, 1997-yil may oyidan beri Aleksandr Lukashenko MOQ prezidenti bo‘lib kelgan.

Amaldagi prezident Viktor endi davlat xizmatchisi bo‘lmaydi, deb va’da berdi. “Bugun u barcha kelgusi oqibatlar bilan birga prezidentning Milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi lavozimidan ozod qilinadi”, — dedi prezident.

Viktordan tashqari, Belarus prezidentining yana ikkita o‘g‘li bor:  “Prezident sport klubi” davlat-jamoat birlashmasi boshqaruvi raisi —o‘rtancha o‘g‘li Dmitriy hamda voyaga yetmagan kenja o‘g‘li Nikolay.

Eslatib o‘tamiz, Belarusdagi prezidentlik saylovlari 2020-yil 9-avgust kuni o‘tkazilgan. MSK ma’lumotiga ko‘ra, Lukashenko 80,1 foiz ovoz bilan saylovlarda g‘olib deb topilgan. U mamlakatni 26 yildan buyon boshqarib kelmoqda. Saylov kuni Minsk markazida harbiy texnika paydo bo‘lgan. Poytaxt Minskda prezident saylovidan keyin norozilik namoyishi boshlandi. Shundan buyon mamlakatda norozilik namoyishlari va namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun chiqishlar davom etmoqda. Shu kabi norozilik namoyishlarining birida Lukashenko o‘z qarorgohiga qo‘lida avtomat bilan uchib kelgandi, uni to‘liq qurollangan o‘g‘li — Nikolay qo‘riqlagan.