Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) matbuot xizmati boshlig‘i aholiga o‘zboshimchalik bilan turar joy binolarining kirish qismiga sun’iy to‘siqlarni o‘rnatmaslikni so‘rab murojaat qildi.

Foto: FVV matbuot xizmati

Qayd etilishicha, yong‘in sodir bo‘lgan hududga yetib borishda yong‘in-qutqaruv ekipaji aksariyat hollarda bir qancha to‘siqlarga duch keladi. Aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan turar joy binolarining kirish qismiga o‘rnatilgan sun’iy to‘siqlar ham shular jumlasidan. Bu yong‘inni bartaraf etish uchun kelayotgan yong‘in-qutqaruv guruhi uchun qator noqulayliklar yuzaga keltirmoqda. Bu esa o‘z navbatida qutqaruvchilar vaqtining behuda sarflanishiga olib kelmoqda.

“Mazkur holatlarda bu kabi sun’iy to‘siqlarni bartaraf etish lozim hisoblanadi. Qanday holat bo‘lmasin, yuqorida sanab o‘tilgan omillar qutqaruvchilarning hodisa joyiga kechikib kelishiga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan FVV fuqarolarimizdan o‘zboshimchalik bilan turli predmetlardan sun’iy to‘siq bilan ichki ko‘chalarni to‘sib qo‘ymasliklarini so‘raydi”, — deyiladi vazirlik murojaatida.

FVV, shuningdek, avtomashinalarni yashash uylarining kirish qismiga qo‘ymasliklarini, bunday harakatlar ham yong‘in o‘chirish ekipajlarining tezkor harakatlarini cheklashini eslatib o‘tgan.