Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan 2021-yilda COVID-19 koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash doirasida ishlab chiqiladigan strategik rejani amalga oshirish uchun 1,96 milliard AQSh dollari miqdorida moliyalashtirish ishlari bajarilishi talab etildi. Bu haqda Jenevada o‘tgan brifingda JSST rahbari Tedros Adan Gebreyesus ma’lum qilgan, deb yozmoqda “TASS”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi rejada jami oltita asosiy vazifa ijrosini ta’minlash lozim. Xususan, kasallanishlar soni va o‘limlarni kamaytirish, aholining zaif qatlamini virusdan himoyalash va yangi qurilmalarga e’tibor qaratish, ya’ni vaksinalar, diagnostika va davolash vositalari orqali kurashni yanada kuchaytirishga e’tibor qaratiladi.
“Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun, taxminan, 1,96 milliard dollar miqdorida moliyalashtirish manbalarini jalb qilish kerak, bunda 1,2 milliard JSSTning ACT — Accelerator (koronavirusga qarshi vaksinalarni olish va tarqatish loyihasi) dasturiga sarflanadi”, — degan Gebreyesus.
Shuningdek, JSST bosh direktori 643 million dollar siyosiy yoxud harbiy nizolar hukmronlik qilayotgan hududlarda yashovchi ijtimoiy yordamga muhtoj odamlar uchun yo‘naltirilishi haqida qo‘shimcha ma’lumot berib o‘tgan.
JSST rahbari rejani to‘liq moliyalashtirish dunyo miqyosidagi tiklanish ishlari uchun investitsiya bo‘lishiga urg‘u bergan. Shuningdek, u mazkur yo‘nalishdagi ishlar orqali sog‘liqni saqlash tizimida kelajakda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rilishi, ularni oldindan bartaraf qilish choralarini amalga oshirish mumkinligini eslatib o‘tgan.
Gebreyesus dunyo borgan sari koronavirusga qarshi vaksina barcha mamlakatlar uchun teng tarzda taqsimlanadigan vaqtga yaqinlashib borayotganini xabar qilgan.
Avval AQSh razvedka idoralarining JSST ekspertlari bildirgan koronavirus tabiiy sharoitda yuzaga kelgani haqidagi taxminiga ishonmayotgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)