Qurilish vazirligi va Toshkent shahar qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi poytaxtda xususiy investorlar hisobidan qurilayotgan bir qancha ko‘p qavatli turar joy binolarining holatini o‘rganib chiqdi.
Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘rganish natijasida bir qator ko‘p qavatli turar joy binolari tasdiqlanmagan va ekspertiza organlarining ijobiy xulosasi olinmagan loyiha hujjatlarisiz, qurilish-montaj ishlarini boshlash yuzasidan vakolatli organni xabardor qilmagan holda qurilish ishlari amalga oshirilayotganligi aniqlandi.
Xususan, Olmazor tumani, Beruniy ko‘chasi 8-uy manzilida joylashgan “Humo Sarbon” MChJ tomonidan ko‘p qavatli mehmonxona binosi qurilish ishlari boshlab yuborilganligi va Toshkent shahar qurilish sohasida nazorat inspeksiyasini xabardor qilish tartibi orqali ro‘yxatdan o‘tmagani aniqlangan. Tekshiruv jarayonida ma’lum bo‘lgan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha 2020-yil 15-dekabrda bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berilgan.
Ushbu yozma ko‘rsatma talablari belgilangan muddatida bajarilmaganligi sababli “Humo Sarbon” MChJ rahbari o‘rinbosari K.H.ga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan 2021-yil 21-yanvarda Toshkent shahar Olmazor tumani ma’muriy sudiga chora ko‘rish bo‘yicha yig‘ma ish jildi yuborilgan va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi (shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, Shaharsozlik kodeksining 20-moddasiga muvofiq yuqorida ko‘rsatilgan noqonuniy ravishda qurilayotgan qurilmalarni bartaraf etishni, aholi xavfsizligini va Vazirlar Mahkamasining 41-sonli qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Aholi punktlari kompleks qurilishini nazorat qilish Toshkent shahar Olmazor tumani hududiy ishchi guruhi komissiyasi raisiga 2021-yil 25-yanvarda xat orqali yuqorida ko‘rsatilgan huquqbuzarlarga nisbatan chora ko‘rish masalasini atroflicha ko‘rib chiqib, o‘rnatilgan tartibda tegishli chora ko‘rish va qilingan ishlar natijasi bo‘yicha ma’lumot berish so‘ralgan.
Shunga qaramasdan bugungi kunda qurilish montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tilmagan.
Yakkasaroy tumani, J.Shoshiy 2-tor ko‘chasi, 4-uy va Askiya ko‘chasi 36, 36/1-uylar yonida “Insoft Invest” MChJ tomonidan kam qavatli binolarni buzilishi hisobiga pastki qavatlarida savdo va maishiy do‘konlari joylashgan ko‘p qavatli turar joy binolarining qurilish ishlari boshlab yuborilganligi aniqlangan. Mazkur qurilish obyekti ham Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi qaroriga asosan Toshkent shahar qurilish sohasida nazorat inspeksiyasini xabardor qilish tartibi orqali ro‘yxatdan o‘tmagan.
2020-yil 7-mayda moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, qurilish obyektlariga, subyektning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda, hech qanday to‘siqsiz kirish hamda ruxsat hujjatlari mavjudligi va shaharsozlik me’yorlari hamda qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan qisqa muddatli tekshirish olib borilib, tekshiruv jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha 2020-yil 27-maydagi bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan va ular belgilangan muddatida bajarilmaganligi sababli “Insoft Invest” MChJ rahbari Q.M.ga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan 2020-yil 5-iyunda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani ma’muriy sudiga hujjatlar to‘plami taqdim qilingan va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan.
Yuqorida ko‘rsatilgan talablarni bajarmaganligi uchun qurilishni to‘xtatishga takroran berilgan va 2020-yil 21-oktabrdagi yozma ko‘rsatma talablari belgilangan muddatlarda bajarilmagani uchun “Insoft Invest” MChJ mas’ul mansabdor shaxsiga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilgan, yana takroran Yakkasaroy tuman ma’muriy sudi raisi nomiga 2020-yil 23-oktabrda xat bilan yuborilgan. Shunga qaramasdan bugungi kunda qurilish montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tilmagan.
Olmazor tumani, Sag‘bon 30-berk ko‘chasi manzilida joylashgan “Snaux AJ Invest” MChJ tomonidan ko‘p qavatli turar joy binosi qurilish ishlari boshlab yuborilganligi aniqlangan. Mazkur qurilish obyekti ham Toshkent shahar qurilish sohasida nazorat inspeksiyasini xabardor qilish tartibi orqali ro‘yxatdan o‘tmagan.
Tekshiruv jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha 2020-yil 18-avgustda bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berilgan. Ushbu yozma ko‘rsatma talablari belgilangan muddatida bajarilmaganligi sababli “Snaux AJ Invest” MChJ rahbari S.K.ga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan 2020-yil 25-avgustda Toshkent shahar Olmazor tumani ma’muriy sudiga chora ko‘rish bo‘yicha yig‘ma ish jildi yuborilgan va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan.
Ammo shunga qaramasdan bugungi kunda qurilish montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tilmagan.
Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi 42-uy manzilida Zarafshon Building MChJ tomonidan Toshkent shahar Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasini xabardor qilish tartibi orqali ro‘yxatdan o‘tmasdan mavjud binolarni pastki qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi bo‘lgan ko‘p qavatli mehmonxona hamda turar joy binolariga ixtisoslashtirib rekonstruksiya qilish bo‘yicha qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
Tekshiruv jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha 2020-yil 25-avgustdagi bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berilgan. Ushbu yozma ko‘rsatma talablari belgilangan muddatida bajarilmaganligi sababli Zarafshon Building MChJ rahbari S. M.ga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan 2020-yil 9-sentabrda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani ma’muriy sudiga hujjatlar to‘plami taqdim qilingan va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan.
Jamiyat tomonidan 2020-yil 11-sentabrda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagunga qadar qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib turish to‘g‘risida kafolat xati berilgan.
Biroq Zarafshon Building MChJ tomonidan qurilish-montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda belgilangan tartibda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagan.
Yuqorida ko‘rsatilgan talablarni bajarmaganligi uchun takroran 2021-yil 9-fevralda qisqa muddatli tekshiruv o‘tkazilib, shu sanada yozma ko‘rsatma berilgan. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagunga qadar qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib turish to‘g‘risida 2021-yil 10-fevraldagi kafolat xati taqdim qilingan.
“Uchtepa Qalqon” MChJ korxonasi Toshkent shahar, Sergeli tumani, Sergeli-5 mavzesi, M.Tursunzoda ko‘chasi bo‘yida yerto‘lasi bo‘lgan to‘qqiz qavatli turar joy binosini qurish uchun ruxsatnoma olmasdan boshlab yuborgan. Noqonuniy qurilmaga chora ko‘rish uchun aholi punktlari kompleks qurilishini nazorat qilish Toshkent shahar Sergeli tumani hududiy ishchi guruhi komissiyasi raisiga vakolat doirasida chora ko‘rishi uchun bir necha bor xatlar chiqarilgan.
Hokimiyat va tuman prokuraturasi tomonidan bir necha bor ogohlantirishlar natijasida esa imoratning qurib bitkazilgan 6- va 7-qavatlarigacha bo‘lgan qismining sifatini instrumental texnik taftishdan o‘tkazishga inspeksiya qoshidagi qurilish-sinov laboratoriyasi va bino-inshootlarni texnik holatini o‘rganish bo‘limi bilan shartnoma tuzib, Toshkent shahar qurilish sohasidagi hududiy nazorat Inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tgan va 2018-yil 6-iyunda qurilish ishlarini boshlash uchun ruxsatnoma berilgan.
Ammo imorat yuzasidan instrumental texnik xulosani buyurtmachi shartnoma asosida to‘liq to‘lov pulini to‘lamagan va tayyorlab qo‘yilgan instrumental texnik xulosani olmagan. Qurilish obyektida qurilish montaj ishlari yuzasidan olib borilgan monitoringlar davrida sifatsiz bajarilgan ishlar va instrumental texnik tekshiruvda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmaganligi yuzasidan 2018-yil 19-iyul kuni 3 ta yozma ko‘rsatmalar berilgan, ammo “Uchtepa Qalqon” MChJ korxonasi tomonidan kamchiliklar bartaraf etilmasdan qurilish ishlari noma’lum sabablarga ko‘ra quruvchi tomonidan vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan.
Qurilish montaj ishlari boshlanishi bilan inspektor tomonidan 2019-yil 28-oktabr kuni 3 ta yozma ko‘rsatma berilgan. Ko‘rsatma talablari bajarilmasdan, imoratning qurilishi tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlaridan chetlashgan holda qurilish ishlari uzil-kesil yana davom ettirib kelingan.
2020-yil 18-fevralda va 5-iyulda yozma ko‘rsatma talablarini bajarish lozimligi haqida ogohlantirish xatlari jo‘natilgan. “Uchtepa Qalqon” MChJ tomonidan barcha ko‘rsatmalar befarq qoldirilib, qurilish ishlarini davom ettirayotganligi uchun inspeksiya tomonidan 2021-yil 12-yanvar kuni yozma ko‘rsatma va ogohlantirish xatlaridagi talablarni bajarmasdan qurilish-montaj ishlarini davom ettirilayotganligi sababli qurilishi bitgan imoratlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasini rasmiylashtirishda Toshkent shahar qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi qatnashmasligini ma’lum qilib, navbatdagi ogohlantirish xati jo‘natilgan.
Ammo hozirgi kunga qadar qurilish ishlarini amalga oshirayotgan mas’ul shaxslar inspeksiyaga kelmagan. Shuningdek, ushbu obyektni qurayotgan tashkilot “Uchtepa Qalqon” MChJ korxonasi rahbarlari yuzasidan 2020-yil boshida IIV qoshidagi tergov departamenti tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan paytida ham imorat qurilishini to‘xtatish imkoni bo‘lmagan.
“Uchtepa Qalqon” MChJ tomonidan sifatsiz qurilish montaj ishlari hozirga qadar bartaraf etilmagan, imoratning qurilishi tasdiqlangan loyiha hujjatlariga mos kelmaydi.
“Yuqoridagilardan kelib chiqib hududlarda ruxsat beruvchi tusdagi shaharsozlik hujjatlarisiz qurilayotgan obyektlarni Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi qarorining 5-ilovasiga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazish qurilish obyektlarida nazorat tizimining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi dolzarbligini ko‘rsatmoqda”, — deyiladi xabarda.
Qurilish vazirligi shu kabi noqonuniy va sifatsiz qurilmalar yuzasidan O‘zbekistonning boshqa hududlar bo‘yicha ham ma’lumotlar berilishini bildirgan.
Avvalroq Toshkentda noqonuniy bunyod etilayotgan ko‘p qavatli uy qurilishi to‘xtatilgani, Andijonda noqonuniy ravishda 8 qavatli qurilgan binoning yuqori qavati tadbirkorning o‘z hisobidan buzilayotgani, Nukusda kamchiligi aniqlangan ko‘p qavatli uyning devori buzib tashlangani haqida xabar berilgan edi. Jizzax shahrida yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uyning bir qismi qulab tushgan edi.
Shuningdek, Buxoroda portlash sodir bo‘lgan uy ham noqonuniy qurilgani ma’lum qilingandi. Jizzax shahrida esa yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uyning bir qismi qulab tushgandi.
Izoh (0)