Turkiyaning mashhur yulduzlari Deniz Baysal va Chag‘lar Ertug‘rul navbatdagi yangi “Razvedka” serialida suratga tushmoqda. “Fazilat xonim va qizlari” serialining muxlislari o‘zlarining sevimli juftligini yana birga ko‘rishdan xursand, deb yozadi “KinoTeka”.

Foto: Turk cinema

Loyihaning suratga olish ishlari Anqarada bo‘lib o‘tmoqda va serialning to‘liq uch qismi efirga uzatilish tayyor. Tez orada birinchi treylerning ekranlarga chiqishi kutilmoqda. Serialning o‘zini esa 2021-yilning mart oyidan TRT1 telekanali orqali namoyish etish rejalashtirilgan. Qizig‘i shundaki, ushbu kanal davlatga qarashli bo‘lgani uchun ham reyting haqida qayg‘urishning keragi bo‘lmaydi. Reyting qanday bo‘lishidan qat’i nazar ijodiy guruh loyihani o‘zi to‘xtatmaguncha, u ekranlarda namoyish etiladi.

“Serialning suratga olish ishlari Anqarada bo‘lib o‘tmoqda va TRT1 telekanalida namoyish etiladi. Men kartinada Turkiya xavfsizligini ta’minlash uchun o‘ta maxfiy va muhim operatsiyalarda qatnashadigan sirli qahramon rolini ijro etaman. Qahramonim aqlli, qat’iyatli hamda jasur qiz. U o‘jar bo‘lsa-da, o‘z vazifasini oxirigacha yakunlaydi. O‘zining kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaydi”, — deydi Deniz Baysal “Milliyet” gazetasiga bergan intervyusida.

Bundan avval serialning sujeti sir tutilayotgani, ammo drama janrida bo‘lishi hamda turk maxsus xizmat xodimlarining faoliyatiga bag‘ishlanishi ma’lum qilingan edi. Shuningdek, aktyorlar 2020-yilning 8-dekabr kuni suratga olish ishlari boshlangan serial suratlarini ijtimoiy tarmoqda bo‘lishgan.

Eslatib o‘tamiz, Deniz Baysal hamda Chag‘lar Ertug‘rul “Fazilat xonim va qizlari” serialidagi Hazan va Yag‘iz sevishgan juftlik roli bilan o‘zbek tomoshabinlari ko‘nglidan joy olgan.