“Moviy gumbazlar” restorani yaqinidagi xiyobonda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jamoatchilik vakillari bilan O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab “Istiqlol” majmuasini barpo etish masalasiga oid uchrashuvi boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, “Istiqlol” majmuasi mustaqillikning ramzini aks ettiruvchi stela barpo etilishini ko‘zda tutadi, boshqa hech qanday qurilish inshootlari bo‘lmaydi.

Foto: “Daryo”

“Faqat shu joyda ishlar olib boriladi. Stela atrofi obodonlashtiriladi, qolgan xiyobon hududining bir metriga ham tegilmaydi. Bironta daraxtga tegilmaydi”, — deyiladi xabarda.

Foto: “Daryo”

Uchrashuvda ishtirok etgan “Daryo” muxbirining ma’lum qilishicha, bog‘ hududiga qo‘shimcha daraxtlar ekiladi va u yer himoyaga olinadi, 100—200 yillab himoyada bo‘ladi.

“Agar bu yerda o‘sha majmua qurilsa, 100 yillar davomida bu bog‘ga hech kim tegmaydi. Men hozir shahar hokimiman. Bu bog‘ni saqlab qolishim mumkin. Ammo men ketganimdan keyin keladigan hokim bu joyni mehmonxona qurilishiga berib yuboradi. Shuning uchun mustaqillik ramzi shu yerda qurilishi kerak. Agar bog‘dagi bir dona daraxt kesilsa, men o‘sha kuniyoq ariza yozib lavozimimdan ketaman”, — deya ta’kidlagan poytaxt hokimi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Eslatib o‘tamiz, 4-fevral kuni Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Istiqlol” majmuasi konsepsiyasi loyihasini yaratish uchun tanlov e’lon qildi. Taklif jamoatchilikning keng e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Yangiliklar ostidagi izohlarda foydalanuvchilar poytaxtdagi kam sonli yashil hududlardan biriga teginmaslikni, bu yerga shaharning turli burchaklaridan odamlar dam olish uchun kelishini ta’kidlamoqda. Skver yaqinda, 2018-yilning bahorida, obodonlashtirilgan edi.