Saidjamol Sultonov Bektemir tumani hokimi etib tayinlandi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Tayinlovga qadar u 2018-yildan buyon O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
Bektemir tumani hokimi vazifasida ishlab kelgan Jahongir Ibrohimov 2021-yilning 15-yanvarida Yunusobod tumaniga hokim etib tayinlangandi. Shundan buyon ushbu lavozim vakant bo‘lib qolayotgandi.
Saidjamol Sultonov 1980-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2002-yilda Toshkent Moliya institutini tamomlagan.
Avvalroq Shuhrat Abdurahmonovning sobiq birinchi o‘rinbosari Andijon tumaniga hokim etib tayinlangani, Farg‘ona viloyatining Bag‘dod, Yozyovon hamda O‘zbekiston tumani hokimlari o‘zgargani haqida xabar berilgan edi.