Litvada istiqomat qiluvchi sport avtomobillarining ishqibozi bo‘lgan oila qordan Ferrari LaFerrari’ning 1:1 masshtabdagi nusxasini yaratdi. Mashina nusxasini yaratishda ular oddiy kurakcha va ekologik toza bo‘yoqdan foydalangan, deb xabar beradi Motor.
Oila Ferrari LaFerrari’ning qordan nusxasini yaratish uchun ikki kunga yaqin vaqt sarflagan. Bu vaqt ichida “konstruktorlar” oddiy kurakcha yordamida superkarning haqiqiy o‘lchamidek keladigan nusxasini yasashga muvaffaq bo‘lgan. Qor nusxaning g‘ildiraklari, old splitteri, shuningdek, gaz chiqaruvchi trubalari joylashgan orqa bamperi va kuzovning relyef dizayni ko‘zga yaqqol tashlanadi.Qor nusxa haqiqiy LaFerrari’ga yanada o‘xshash bo‘lishi uchun juftlik ekologik toza bo‘yoqdan foydalangan. Natijada qora tom va g‘ildirak diskalariga ega qizil rangli superkar paydo bo‘lgan. Bundan tashqari, qor superkari mualliflari sariq bo‘yoq yordamida Italiya markasining mashhur emblemasini ham yasagan.
500 nusxada ishlab chiqarilgan Ferrari LaFerrari’ning narxi 2,2 million dollardan boshlanadi. Ayni vaqtda ikkilamchi bozorda sportkar narxi 4 million dollarni tashkil etmoqda.
Avvalroq YouTube’dagi 3D Sanago kanalida Porsche Taycan’ning uch o‘lchamli o‘yinchoq nusxasi 3D-ruchka va oddiy asbob-anjomlar yordamida yaratish jarayoni tasvirlangan video paydo bo‘lgan edi.
Izoh (0)