Qashqadaryoda abituriyentlarga texnikum va universitetga o‘qishga kirib qo‘yishni va’da qilib, ulardan jami 22,5 ming dollardan ortiq pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura “Daryo”ga ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Shahrisabz shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida fuqaro M.F. va I.Sh. “Abu Ali Ibn Sino” nomidagi jamoat salomatligi texnikumiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 21 nafar fuqaroning 5000 AQSh dollari va 5,2 million so‘mini qo‘lga kiritgani aniqlangan.

Shuningdek, firibgarlar yana bir fuqaroni Qarshi davlat universitetiga o‘qishga kiritish va Toshkent shahridan uy olib berishni va’da qilib, uning 17,5 ming dollarini qo‘lga kiritgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan M.F. va I.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Samarqandda harbiy oliygohlar va Temurbeklar maktabiga o‘qishga kiritishini aytib, fuqarolardan qariyb 10 500 dollar pul olgan ayol qo‘lga olingan edi.