O‘zbekiston tarixida birinchi marta Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhi boshqaruvchilari kengashi – Bank oliy boshqaruv organi raisi etib O‘zbekiston tomonidan boshqaruvchi, bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov saylandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktabrida Sardor Umurzoqov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) boshqaruvchilari kengashi raisining o‘rinbosari etib saylangan edi.
O‘z ichiga Islom taraqqiyot banki, Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha islom korporatsiyasi, Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi, Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash islom korporatsiyasi va Islom tadqiqot va ta’lim institutini olgan Islom taraqqiyot banki guruhi 1974-yilda Jidda (Saudiya Arabistoni) shahrida tashkil etilgan. ITB a’zolari tarkibiga 57 mamlakat kiradi. Bank faoliyatining asosiy yo‘nalishi — iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida yirik infratuzilmaviy va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirish.
Ma’lumot uchun, Sardor Umurzoqov (1977-yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Reding universiteti (Buyuk Britaniya) magistraturasini tamomlagan, hozirda fan doktori ilmiy darajasiga (PhD) ega. Sardor Umurzoqov uzoq muddat O‘zbekiston bank sohasida, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida (London, Buyuk Britaniya) hamda respublika moliya tizimida, xususan, Moliya vazirligi G‘aznachiligida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2019-yilning yanvaridan buyon investitsiyalar va tashqi savdo vaziri sifatida faoliyat olib bormoqda.
Izoh (0)