O‘zbekistonning aksariyat qismida 8-fevral kuni havo bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”. Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida yomg‘ir kuchayishi mumkin, baland tog‘larda qor yog‘adi.
Faqat Qoraqalpog‘istonda, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida quruq ob-havo saqlanib turadi.
Havo harorati kunduz kuni 10-15 daraja iliqni, eng janubda 17-20 daraja iliqqacha, respublikaning shimolida 5-10 daraja iliqni tashkil etadi.
9-fevral kuni Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida asosan kunning birinchi yarmida yog‘ingarchilik bo‘ladi. Harorat foni o‘zgarmaydi.
Haftaning o‘rtasida Qozog‘iston hududlaridan yana nam havo massalari o‘tadi va u O‘zbekistonning shimoliy qismiga kiradi.
10-fevral kuni Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida, 11-fevral kuni Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Havo harorati kunduz kunlari 15-17 daraja iliqqacha, janubda 20 daraja iliqqacha ko‘tariladi.
12-fevral kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida asosan kam bulutli ob-havo bo‘ladi, havo harorati fevral oyiga qaraganda mart oyining oxiri va aprel oyining boshiga ko‘proq xosdir. Kunduz kuni havo 17-20 daraja iliqqacha, janubda va cho‘l hududlarida 22 daraja iliqqacha isiydi.
Hafta davomida tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.
Izoh (0)