“Oskar” mukofoti sohibasi Jennifer Lourens “Tepaga qarama” filmini suratga olish vaqtida shishaning portlashi oqibatida jarohat oldi — aktrisaning qovog‘i tilingan, deb xabar beradi “Film.ru”.
Ma’lum qilinishicha, Lourens Timoti Shalame bilan sahnada suratga tushgan. Sujet bo‘yicha qahramonlar restoranda deraza oynasining portlashi guvohiga aylanishi kerak edi. Baxtsiz hodisa tufayli shisha parchalaridan biri Jenniferning ko‘z sohasi atrofiga shikast yetkazgan. Suratga olish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, jarohat “u qadar chuqur emas”.
“Tepaga qarama” filmi Yerga meteorit yaqinlashib kelayotgani haqida jamoatchilikni ogohlantirishga uringan ikki astronom (Lourens va Leonardo DiKaprio) haqida. Jamoatchilik, hatto AQSh prezidenti ham (Meril Strip) olimlarning dalillarini tinglashdan bosh tortgani sabab vaziyat yanada murakkablashadi.
Kartina rejissori va ssenariysi ustida Adam MakKey (“Hokimiyat” filmi) ish olib bormoqda. Aktyorlar tarkibidan Keyt Blanshett, Kris Evans, Jon Xill, Rob Morgan, Ron Perlman, Ariana Grande va boshqalar o‘rin olgan. Netflix’dagi premyerasi 2021-yil oxirlariga rejalashtirilgan.
Izoh (0)