Farg‘ona viloyatining Quva tumaniga yangi hokim tayinlandi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov.
6-fevral kuni xalq deputatlari Quva tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov rahbarligida o‘tgan sessiyada tashkiliy masala ko‘rilib, Halimjon Umarov Quva tumani hokimi etib tayinlangan. Ushbu tayinlovga qadar Halimjon Umarov viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritgan.
Halimjon Umarov 2006—2018-yillarda Toshloq, 2018—2019-yillarda Quva tumani hokimi bo‘lgan.
Shuningdek, Quva tumani Ichki ishlar bo‘limi rahbari ham o‘zgardi. Mayor Islom Husanov Quva tumani IIB boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlangan.
Tayinlovga qadar Islom Husanov Toshloq tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan.
Ma’lumot uchun, Quva tumanining to‘rtta sektor rahbari — hokimi, prokurori, IIB boshlig‘i va tuman soliq inspeksiyasi rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida lavozimidan ozod etilgan edi.
Izoh (0)