Nobel mukofoti sovrindori Aun San Su Chji rahbarligidagi Myanma hukumati harbiylar tomonidan to‘ntarildi. Ular mamlakatda “gullab-yashnayotgan intizomli demokratiya” tuzmoqda. Armiyani Xitoy hukumati qo‘llab-quvvatladi. Meduza Myanmadagi voqealarni batafsil hikoya qildi.

Myanma armiyasi askarlari Yangondagi hinduiylik ibodatxonasi yaqinida harbiy yuk mashinasida ketmoqda, 2021-yil 2-fevral

Foto: AFP

Myanma hukumati va harbiylar o‘rtasida azaldan ziddiyat bor. Armiya aslida shundoq ham mamlakatni nazorat qilardi

Harbiylar Myanmada qariyb yarim asr — 1962-yildan 2011-yilgacha hokimiyat tepasida bo‘lgan. Mamlakatni boshqargan harbiy xunta hokimiyatni harbiy bo‘lmagan hukumatga topshirishni 2011-yildagina boshlagan. Bu hukumatga sobiq dissident (murtad) va tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Aun San Su Chji rahbarlik qildi, bungacha u 21 yil davomida uy qamog‘ida o‘tirgan edi. 2015-yilda uning “Milliy liga demokratiya uchun” partiyasi saylovlarda g‘olib bo‘ldi.

Ammo aslida harbiylar mamlakat hayotini nazorat qilishda davom etdi: Myanma armiyasida mamlakatning siyosiy tuzumini “gullab-yashnayotgan intizomli demokratiya” deb atash qabul qilingan edi, deb yozadi The New York Times. Armiya nazorati ostiga mamlakatning ikkita eng kuchli konserni kiradi, ularning aktivlari nefrit qazib olish, yog‘och tayyorlash, dengiz portlari va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Harbiylar qo‘lida, shuningdek, bank sektori, sug‘urtalash, telekommunikatsiyalar, tibbiyot va OAV sohasidagi aktivlar ham bor. Armiya mamlakatdagi eng yirik zamindor hisoblanadi.

Myanma Qurolli Kuchlari qo‘mondoni, 64 yoshli general Min Aun Xlain ikkala kompaniyani boshqarish bilan birga, Vazirlar Mahakamasining politsiya va chegarachilarni boshqaruvchi uch nafar asosiy a’zolarini tayinlash imkoniyatiga ham ega edi. Generalning o‘zi 2020-yilda armiyadan ketib, mamlakat prezidenti lavozimini egallashni rejalashtirgan edi.

Ammo Aun San Su Chji hukumat tepasiga kelgach, qo‘mondonlikka qarshi chiqishga urindi: uning otasi, general va siyosatchi Aun San mamlakat zamonaviy armiyasi asoschilaridan biri bo‘lgan (qizi 2 yoshga kirganida u o‘ldirilgan). Aun San Su Chjining maslahatchilari so‘zlariga ko‘ra, u qo‘mondon bilan uning siyosiy niyatlarini muhokama qilish uchun uchrashishdan bosh tortgan va shu bilan uni haqorat qilgan. Biroq The New York Times avvalroq yozganidek, hukumat tepasiga kelgach, Aun San Su Chjining o‘zi “diktatorlik jihatlari”ni namoyon qila boshlagan; bu haqda nashrga uning g‘azabiga uchragan sobiq maslakdoshlari ma’lum qilgan.

Aun San Su Chji 2017-yilda harbiylarga rohinja musulmon xalqiga nisbatan ommaviy ta’qiblar va genotsid uyushtirishga xalal bermadi — o‘shanda ommaviy qatllar uchun asosiy aybni BMT mamlakat harbiy rahbariyatiga va shaxsan Min Aun Xlainga yuklagan edi. Shunga qaramay, aynan Aun San Su Chji 2019-yilda BMT Xalqaro sudi majlisida mamlakat nomidan qatnashib, Myanmani etnik tozalashlar ayblovidan himoya qilgan edi. Ko‘pchilikning fikricha, uning harbiylar bilan hamkorligi pragmatik qadam bo‘lib, bu mamlakatning to‘la-to‘kis demokratiyaga o‘tishini tezlashtirishi kerak edi, deb yozadi NYT.

To‘ntarishga harbiylar uchun o‘ta muvaffaqiyatsiz bo‘lgan parlamentga saylovlar sabab bo‘ldi, ular natijalarni soxtalashtirilgan deb e’lon qildi

Aun San Su Chji va harbiylar o‘rtasidagi nizo 2020-yil 8-noyabrdagi saylovlarda “Demokratiya uchun milliy liga” Myanma parlamentida o‘rinlarning 83 foizini qo‘lga kiritgach, ochiq fazaga o‘tdi. Harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Ittifoq birdamligi va taraqqiyoti partiyasi esa 476 ta o‘rindan atigi 33 tasini qo‘lga kiritdi. Harbiylar dastlab saylov natijalariga mamlakat Oliy sudida qarshi chiqishga urindi, ammo sud da’voni rad etdi.

Aun San Su Chji 8-noyabrdagi umumiy saylovlar arafasida muddatidan oldin ovoz berish chog‘ida. Myanma, 2020-yil 29-oktabr

Foto: Reuters

Davlat to‘ntarishi 1-fevral kuni erta tongda, yangi parlamentning shu haftaga belgilangan birinchi majlisi arafasida yuz berdi. Aun San Su Chji harbiy reydlar chog‘ida o‘z partiyasining va hukumatning boshqa rahbarlari bilan birga qo‘lga olindi. Harbiylar Aun San Su Chjini o‘z villasiga qamab qo‘ydi, “Demokratiya uchun milliy liga” deputatlari va hukumat a’zolarini uy qamog‘iga yubordi.

3-fevral kuni esa politsiya Aun San Su Chjiga qarshi kutilmagan ayblovni ilgari surgani ma’lum bo‘ldi — uning villasida bir nechta ratsiyalar topilgach, u telekommunikatsiya uskunasini noqonuniy olib kirishda ayblandi. Politsiya Aun San Su Chjining 15-fevralgacha hibsga olinishini shu bilan asosladi — surishtiruv o‘tkazish uchun.

Shuningdek, Myanma prezidenti Vin Myin ham qo‘lga olindi. Uning vazifalarini bajarish uchun harbiylar vitse-prezident Myin Sveni tayinladi, u mamlakatda bir yil muddatga favqulodda holat e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.

Mamlakatda amaldagi hokimiyat armiya qo‘mondoni sifatida Min Aun Xlainga o‘tdi: davlat to‘ntarishi haqida harbiylarga tegishli Myawaddy TV telekanali orqali e’lon qilingan vaqtda yangiliklar boshlovchisi harbiy xunta davridayoq qabul qilingan 2008-yilgi konstitutsiyadan iqtibos keltirdi, u Qurolli Kuchlarga mamlakatda favqulodda holat e’lon qilish va hokimiyatni o‘z qo‘llariga olish imkoniyatini beradi.

Shundan keyin harbiylar o‘zlarining keyingi rejalarini ma’lum qildi: mamlakat saylov komissiyasi isloh qilinadi, saylov natijalari esa qayta ko‘rib chiqiladi. “Ushbu vazifalar favqulodda holat bandlariga muvofiq bajarilganidan keyin, erkin va adolatli ko‘p partiyali umumiy saylovlar o‘tkaziladi, va davlatga yuklatilgan majburiyatlar demokratiya me’yorlari va standartlariga javob beruvchi g‘olib bo‘lgan partiyaga topshiriladi”, — deb va’da berdi ular.

BMTning Myanma bo‘yicha sobiq maxsus ma’ruzachisi Yangi Li CNN’ga ma’lum qilishicha, davlat to‘ntarishining zamirida Min Aun Xlainning Xalqaro jinoyat sudi rohinja musulmonlarining genotsidi tufayli unga qarshi olib borayotgan surishtiruvi fonida hokimiyat va biznes-aktivlardan mahrum bo‘lishni istamasligi yotgan bo‘lishi mumkin. “U o‘zining Myanmadagi iqtisodiy aktivlarini saqlab qolishga va hokimiyat tepasida qolishga juda qattiq harakat qilyapti, chunki aks holda u xalqaro sudda ayblovlarga to‘qnash keladi”, — dedi Yangi Li.

Myanmaning eng yirik shahri aholisi qizil tasmalar taqib, to‘ntarishga qarshi namoyish qilmoqda. Shifokorlar esa keng ko‘lamli ish tashlash e’lon qildi

Myanmada to‘ntarishdan keyin tartibsizliklar yuzaga kelmadi: qo‘shinlar barcha yirik shaharlarda patrullik qildi, tungi vaqtda esa komendantlik soati amal qildi. Ammo mamlakatdagi eng yirik Yangon shahrida qarama-qarshilik va bo‘ysunmaslik belgilari kuchaymoqda, deb xabar beradi BBC. 2-fevral kuni Yangon ko‘chalarida norozilik belgisi sifatida avtomobil signallari va qozon taraq-turuqlari eshitila boshladi, faollar guruhlari esa bo‘ysunmaslik kampaniyasini boshlashga chaqirib, Facebook’da ularni muvofiqlashtirish uchun guruhlar ochdi.

Bundan tashqari, shifokorlar ommaviy ish tashlashni boshladi: butun Myanma bo‘ylab 30 ta shahardagi 70 ta kasalxona va tibbiy muassasa xodimlari mamlakatda hokimiyat egallab olinishiga qarshi norozilik belgisi sifatida ishlashdan to‘xtadi, deb yozadi Reuters “Myanmada fuqarolar bo‘ysunmaslik harakati” bayonotiga tayanib. Unda aytilishicha, armiya o‘z manfaatlarini pandemiya davrida qiyinchilikka to‘qnash kelgan aholi manfaatlaridan ustun qo‘ygan.

Tibbiyot xodimlari va faollar “qizil tasma harakati”ni tashkil qildi. Myanma aholisi to‘ntarishga qarshi ekanligini ko‘rsatish uchun uni kiyimiga bog‘lab qo‘ymoqda. Internetda ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlardagi suratlarini qizil rasmlar bilan almashtirdi.

G‘arb davlatlari Myanmadagi fitnani keskin qoraladi. Ammo to‘ntarish tashkilotchilarini Xitoy himoya qilmoqda

Myanmadagi to‘ntarishni “Katta yettilik” mamlakatlarining barchasi, Yevroittifoq va boshqa davlatlar keskin qoraladi. AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati fitna tashkilotchilariga qarshi sanksiyalar kiritishga va’da berishga ham ulgurdi. Biroq to‘ntarishni muhokama qilish BMT Xavfsizlik kengashida boshlanganida, uning a’zolari o‘rtasida darhol jiddiy ziddiyatlar yuzaga keldi. To‘ntarishni qoralaydigan bayonotni qo‘llab-quvvatlashdan Xavfsizlik kengashida veto huquqiga ega bo‘lgan Xitoy bosh tortdi. “Xitoy Myanmadagi generallar xatti-harakatlarini jimgina — balki qat’y — qo‘llab-quvvatlashi haqida signal berayotganga o‘xshaydi”, — dedi Singapur milliy universitetidan Myanma bo‘yicha ekspert Elliot Prass-Friman.

Myanmaning eng yirik savdo sherigi bo‘lgan Xitoy fitnani yashirincha qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi gumonlar deyarli darhol paydo bo‘ldi. Yanvar o‘rtalaridayoq Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I mamlakatga tashrif buyurib, shu jumladan, general Min Aun Xlain bilan uchrashgan va Xitoy “Myanmaning o‘z milliy sharoitlariga mos keluvchi rivojlanish yo‘lida” “uning suverenitetini, milliy obro‘sini hamda qonuniy huquq va manfaatlarini bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashi”ni bildirgan edi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I general Min Aun Xlain bilan uchrashuvda. Myanma, 2021-yil 12-yanvar

Foto: EPA

Davlat to‘ntarishidan keyin esa Xitoyning Sinxua davlat axborot agentligi uni Myanma “Vazirlar Mahkamasidagi katta o‘rin almashtirishlar” deb tavsifladi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa 3-fevral kuni bunday gumonlarni rad etib, “ushbu nazariyalar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi”ni, Xitoy Myanmaga “do‘st” mamlakat sifatida shunchaki nizoning barcha tomonlari ham “o‘z ziddiyatlarini tegishli tarzda tartibga sola olishini” istashini ma’lum qildi.

Biroq Myanma harbiylarining Xitoy bilan munosabatlari ham muammosiz emas: harbiylar Xitoy loyihalarining mamlakat iqtisodiyotiga nisbatan o‘sib borayotgan ta’siridan qattiq norozi, bu so‘nggi 20 yildan buyon kuchaymoqda, dedi Bangkokning Chulalongkorn universiteti siyosatshunoslik professori Titinan Pongsudxirak.

Shunday bo‘lsa-da, deya qo‘shimcha qildi siyosatshunos, tomonlar baribir kelishib olishga muvaffaq bo‘lsa kerak: G‘arb yetakchilaridan farqli o‘laroq, Xitoy hukumati boshqa avtoritar davlatni qoralashni talab qiluvchi ichki bosimga uchramayapti.