Buxoro viloyati, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining yakdil ovozi bilan Botir Zaripov Oliy Majlis Senati a’zosi etib saylandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

4-fevral kuni Buxoro viloyati davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining bo‘shab qolgan o‘rniga Oliy Majlis Senati a’zosi saylovi bo‘yicha qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tgan.

Kun tartibidagi masala yuzasidan maslahat Kengashi raisi Samoyiddin Husenov so‘zga chiqib,  51-“Xalqobod” saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati, viloyat hokimi Botir Zaripov nomzodi Oliy Majlis Senati a’zoligiga tavsiya qilinganini aytgan.

Shundan so‘ng yashirin ovoz berish yo‘li bilan Oliy Majlis Senati a’zosini saylash bo‘yicha saylov o‘tkazilgan. Buxoro viloyati, tuman va shahar kengashlari deputatlarining yakdil ovozi bilan Botir Zaripov Oliy Majlis Senati a’zosi etib saylangan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning noyabr oyida Botir Zaripov Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. 2021-yilning yanvarida uning lavozimidan “vazifasini bajaruvchi” qo‘shimchasi olib tashlandi.

Botir Zaripov 1969-yil 20-noyabrda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 1997-yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan. 1997—1998-yillarda Milliy bankning Buxoro bo‘linmasi Yuridik va jismoniy shaxslarni kreditlashtirish bo‘limi boshlig‘i, 1998-yilda Milliy bankning Buxoro bo‘linmasi Qorovulbozor filiali qurilishi boshlig‘i, 1998—2005-yillarda Milliy bankning Buxoro bo‘linmasi Qorovulbozor filiali boshqaruvchisi lavozimlarida ishlagan.

2005—2006-yillarda Markaziy bankning Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari — Inkassatsiya boshqarmasi boshlig‘i, 2006-yilda Markaziy bankning Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 2006—2008-yillarda Milliy bankning Buxoro bo‘linmasi boshqaruvchisi, 2008—2012-yillarda Markaziy bank boshqaruvi raisining o‘rinbosari, 2012—2013-yillarda Markaziy bank Nobank kredit tashkilotlarini nazorat qilish va tartibga solish departamenti direktori, 2013—2015-yillarda Markaziy bank Kredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash va tartibga solish departamenti direktori sifatida mehnat qilgan.

Botir Zaripov 2015—2016-yillarda “Agrobank” boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, 2016—2019-yillarda “O‘zqurilishmateriallari” kompaniyasi boshqaruvi raisi, 2019—2020-yillarda esa yangidan tashkil etilgan “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruvi raisi lavozimlarida ishlagan. Zaripov O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan Prezident farmoniga ko‘ra “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.