Toshkentni Pokiston shimoli bilan bog‘laydigan Mozori-Sharif—Kobul—Peshavor temiryo‘li qurilishi va uning uzunligi 573 kilometr bo‘lishi ma’lum qilindi. Loyiha uchun umumiy 4,8 milliard dollar kredit jalb qilinadi. Bu haqda 2-fevral kuni Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekiston davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan uch tomonlama uchrashuvda ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, xalqaro moliyaviy tashkilotlar hamda yuqori lavozimdagi davlat vakillari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda temiryo‘l qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi.
573 kilometrlik temiryo‘l Toshkent shahrini Kobul orqali Pokiston shimolidagi Peshavor bilan bog‘laydi.
Ushbu temiryo‘l qurilishini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston rahbarlari nomidan qo‘shma murojaat asosida AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasining va boshqa xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb etilishi haqida xabar berilgan edi.
Turkiyaning Anadolu agentligi ma’lumotiga ko‘ra, jalb qilinadigan umumiy kreditlar mablag‘i 4,8 milliard dollarni tashkil qiladi.
Loyiha uchun tegishli hujjatlarni tayyorlash 2021-yil iyungacha yakunlanadi. Temiryo‘l qurilishi 2022-yilning sentabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovudni qabul qilgan edi. Maslahatchi Afg‘oniston hududi orqali Markaziy va Janubiy Osiyoni eng qisqa yo‘l bilan bog‘laydigan, Pokistonning dengiz portlariga chiqishni va ularning infratuzilmasi samarali ishga solinishini ta’minlaydigan temiryo‘l qurish loyihasini ilgari surish to‘g‘risidagi tashabbus Pokistonda yuksak baholanib, qo‘llab-quvvatlanayotganini qayd etgan edi.
Izoh (0)