Vengriyada mahalliy Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi Xitoyning Sinopharm kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasini tasdiqladi. Mamlakat Yevropa Ittifoqida birinchi bo‘lib bunday qadamni qo‘ydi, deb xabar beradi “Interfaks”.
“Milliy farmakologiya va oziq-ovqat instituti bugun Sinopharm vaksinasini ma’qulladi”, – dedi mamlakat bosh sanitariya shifokori Sesiliya Myuller.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 29-yanvar kuni mamlakat Sinopharm vaksinasini sotib olish bo‘yicha shartnomani tez orada yakunlashini aytdi. Shuningdek, u ushbu dori bilan emlanishni niyat qilgan.
“Shaxsan men o‘zim ishongan Xitoy vaksinasini kutaman. Bu virus haqida eng ko‘p biladiganlar xitoyliklar hisoblanadi”, – dedi hukumatning Facebook’dagi sahifasida bosh vazir.
Ma’lum qilinishicha, rasmiy Budapesht Yevropa Ittifoqi dasturi bo‘yicha vaksina juda sekin kelayotganidan shikoyat qilgan. Ta’kidlanishicha mamlakatga haftada 100 ming dozadan ham kam vaksina olib kelinmoqda. Shuning uchun Vengriya qo‘shimcha ravishda Rossiya va Xitoy vaksinalarini sotib olish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan.
Sinopharm birinchi partiyada million doza vaksina yetkazishi mumkin.
Shuningdek, Vengriya Yevropa Ittifoqida birinchi bo‘lib Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazgan va sotib olishga qaror qilgani haqida xabar berilgandi.
Ma’lumot uchun, Vengriyada pandemiya boshlanganidan beri deyarli 365 ming kishi koronavirus bilan kasallangan, 12 mingdan ortig‘i vafot etgan.
Avvalroq Ukraina Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortgani, Eron “Sputnik V” vaksinasini foydalanish uchun tasdiqlagani hamda Xitoy vaksinasi 79 foiz samaradorlik ko‘rsatgani ma’lum qilingandi.
Izoh (0)