Braziliyaning Riu-Grandi-du-Sul shtatida yashovchi ikki fuqaroda bir vaqtning o‘zida koronavirusning bir yo‘la ikkita shtammini yuqtirib olish holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda “TASS” mahalliy OAVlarga tayanib.
Ta’kidlanishicha, 30 yosh atrofidagi ikki kishi kasallangan, ularda kasallik yengil va o‘rta formada kechgan.
Novu-Amburgu shahar universitetining molekulyar mikrobiologiya laboratoriyasi olimi Fernandu Spilki so‘zlariga ko‘ra, xavf guruhidagi bemorlarda kasallikning kechishi qanchalik xatarli bo‘lishini hozircha oldindan aytib bo‘lmaydi.
Tadqiqotchilar taxmin qilishicha, gap SARS-CoV-2’ning ikki xil shtammini biroz vaqt oralig‘i bilan ketma-ket yuqtirib olish haqida borishi ham mumkin, bu esa kasallanganlarni yakkalash va ijtimoiy masofalanish choralariga rioya qilish qanchalik muhimligini ko‘rsatadi.
Olimlar Riu-Grandi-du-Sulda koronavirusning jami beshta turini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi, ular orasida S-oqsildagi mutatsiyaga ega shtammlar ham bor, ular esa, bir qator tadqiqotchilar fikricha, birinchi marta Uxanda aniqlangan dastlabki virusdan ancha yuqumliroq hisoblanadi. Virus qobig‘i tuzilmasidagi bunday o‘zgarishlar “afrikacha” va “braziliyacha” shtammlariga xosdir.
Olimlarning xulosalari medRxiv ilmiy bazasiga joylashtirilgan bo‘lib, hozircha ilmiy jurnallarda nashr qilinmagan.
Izoh (0)