Ekvador milliy sudi mamlakat sobiq vitse-prezidenti Xorxe Glasga korrupsiya to‘g‘risidagi moddaga muvofiq sakkiz yillik qamoq jazosini tayinladi. Bu haqda Istoé xabar qilgan.

Xorxe Glas

Foto: Ecuador Times

Jinoyat ishi neft mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi qallobliklarga oid ekanligi bildirilgan. Glas bilan birgalikda pullarni talon-toroj qilishda ikki nafar vazir — Vilson Pastor hamda Karlos Rareyya Yanutsselli ham sakkiz yilga qamaldi.

Korrupsion sxemaga aloqador yana to‘rt nafar kishi ham sakkiz yilni qamoqda o‘tkazadi, olti nafar gumonlanuvchi mazkur ishga aloqador emas, deb topilgan va oqlangan.

Glasga nisbatan uchinchi bor aylov hukmi o‘qildi. 2017-yilda prezident Lenin Moreno uni lavozimidan chetlatganidan keyin qurilish firmalari bilan birgalikdagi korrupsiyaga oid ishga aloqador deb topilib, olti yilga qamalgandi.

“Odebrеcht ishi” sifatida mashhur bo‘lgan ushbu shov-shuvli jinoyat ishi Lotin Amerikasi tarixidagi eng katta mojarolardan biri hisoblanadi. Glas mazkur jinoyatlarga aloqasi yo‘qligini bildirgan. 2020-yil sentabr oyida unga pora olganligi yuzasidan ayblov e’lon qilinib, yana sakkiz yillik qamoq jazosi berilgan.