O‘zbekistonda elektr energetika sohasidagi mavjud standartlar xalqaro standartlar asosida bosqichma-bosqich qayta ko‘rib chiqilmoqda. Energetika vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, shu maqsadda Fransiyaning Assystem Engineering and Operation Services S.A.S korxonasi jalb etilgan.
Vazirlik boshchiligida 4 ta ishchi guruh tashkil etilgan bo‘lib, ular tarkibida ishlab chiqaruvchilar, ekspluatatsiya qiluvchi korxonalar hamda loyiha institutlarining yetakchi mutaxassislari o‘rin olgan.
Qayd etilishicha, yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari, podstansiyalar, rele himoyasi va ma’lumotlar almashinuvi hamda elektromagnit moslashuvchanlik yo‘nalishidagi 700 dan ortiq standartlar ko‘rib chiqildi.
Ushbu standartlardan 536 tasi zamon talablariga javob bermaydi deb topilgan. Ularni xalqaro standartlarga almashtirish jarayoni “O‘zstandart” agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
2021-yilda past kuchlanishli elektr tarmoqlari, quyosh va shamol elektr stansiyalarini tarmoqqa ulash yo‘nalishlari bo‘yicha standartlar ko‘rib chiqilib, zamon talablariga moslashtiriladi.
Xabarda aytilishicha, yangi standartlarning qabul qilinishi orqali elektr energetika obyektlarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishni texnik boshqarishda sarf-xarajatlarning optimallashtirilishiga hamda elektr tarmoqlarining ishonchliligini oshirishga erishiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda Prezident qabulxonalariga kelib tushgan 1 milliondan ortiq murojaatlarning 37 874 tasi elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Izoh (0)