Goldin Auctions auksionida basketbolchi Kobi Brayantga tegishli bo‘lgan 1963-yilgi Chevrolet Impala bazasidagi lourayder sotuvga qo‘yildi. Pimp My Ride shousi mutaxassislari tomonidan tyuning qilingan avtomobil 250 ming dollarga baholanmoqda, deb xabar beradi Motor.
Modifikatsiyaga uchragan Chevrolet Impala’ni Kobi Brayantga uning turmush o‘rtog‘i Rojdestvoda sovg‘a qilgan. West Coast Customs atelyesi mutaxassislari lourayder uchun eksklyuziv to‘q binafsharang kuzov jilosini yaratgan. Bundan tashqari, tyunerlar avtomobilning barcha oynalarini almashtirgan, eksteryerining xromlangan detallarini qayta tiklagan va gidravlik “podveska” o‘rnatgan.
West Coast Customs tyunerlari avtomobillarga hashamatli o‘zgartirish kiritish borasidagi yechimlari bilan tanilgan. Kobi Brayant uchun mo‘ljllangan lourayder oq charm bilan qoplangan o‘rindiqli binafsharang salonga ega bo‘lgan. Mutaxassislar Impala interyerini “Svarovski” kristallari bilan bezagan. Mashina kapoti ostidan Edelbrock kollektori va yangi gaz chiqarish tizimiga ega 5,4 litrli V8 dvigateli o‘rin olgan. Uzatmalar qutisi — uch pog‘onali avtomat.
Ayni vaqtda Kobi Brayant 2006-yildan 2013-yilga qadar foydalangan eksklyuziv lourayder narxi 140 ming dollarga yetgan. Biroq savdolar 30-yanvar kuni yakunlanadi va sotuvchilar 40 ming kilometr yo‘l bosgan Chevrolet Impala’ni 250 ming dollarga sotishni rejalashtirgan.
Izoh (0)