1969-yil 22-yanvarda KPSS Markaziy Qo‘mitasi bosh kotibi Leonid Brejnevning hayotiga suiqasd uyushtirildi. Shu kuni Moskvada “Soyuz-4” va “Soyuz-5” kosmik kemalarining fazogirlari bilan bo‘ladigan tantanali uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rilayotgandi. Kortejdagi mashinalar Kremlga kirayotganda ularni Sovet armiyasining kichik leytenanti Viktor Ilin o‘qqa tutdi. Bu SSSR bosh kotibi Brejnev hayotiga qarshi uyushtirilgan eng mashhur suiqasd edi. “Daryo” mazkur suiqasd haqida hikoya qiladi.
Armiyadan qochgan ofitser
1969-yil 20-yanvardan 21-yanvarga o‘tar kechasi, Lomonosov shahridagi 61-geodeziya harbiy otryadida xizmat qilayogan ofitser Viktor Ilin navbatchi yordamchisi sifatida o‘z xizmatini boshladi. Ertalab, uning boshlig‘i nonushta qilish uchun ketganida, u ikkita Makarov to‘pponchasi va to‘rtta o‘qdonni o‘g‘irlab, bo‘limdan ruxsatsiz chiqib ketadi.Ilin oldindan sotib olingan chipta bilan Moskvaga uchib ketdi. U qurollarni aeroport havfsizlik tizimidan muvaffaqiyatli olib o‘tgan. Poytaxtga yetib kelgan Viktor “Soyuz-4” va “Soyuz-5” kosmik kemalarining fazogirlari bilan uchrashuvni tomosha qilish uchun kelganini aytib, sobiq militsiyachi amakisining uyida tunaydi.
Soyuz kemalari
1969-yil 16-yanvarda ushbu “Soyuzlar” dunyoda birinchi bo‘lib ikkita boshqariladigan kosmik kemani bog‘lagan. Natijada, orbitada birinchi marta to‘rtta kosmonavtdan iborat bo‘lgan (V.Shatalov, B.Volinov, A.Yeliseyev, E.Xrunov) eksperimental kosmik stansiya yaratildi. Minglab odamlar Moskva ko‘chalariga chiqib, qahramon kosmonavtlarni kutib olishga oshiqardi.O‘q ovozlari
22-yanvar kuni ertalab amakisining militsiya formasini olgan Ilin uning kvartirasidan chiqib ketdi. U xotirjamlik bilan Borovitskiy darvozasi yonidagi politsiya qurshoviga qo‘shildi va ikkita vzvodning tutashgan yeriga joylashdi, shuning uchun notanish “militsioner”ning mavjudligi qo‘riqchilarda shubha uyg‘otmadi. O‘zi bilan olib kelgan to‘pponchalarni paltosining yenglariga yashirdi. Taxminan soat 14:15 da hukumat avtokarvoni darvozadan kirib keldi. Ushbu marosim mamlakat bo‘ylab jonli efirda namoyish etilgan. Tomosha to‘satdan to‘xtatildi. Odamlar o‘q ovozlarini eshitdi...Natija
Qahramon kosmonavtlar birinchida ketayotgan usti ochiq avtomashinada edi, ular qo‘llarini ko‘tarib, yig‘ilgan odamlarni qutlab borardi. Ilinga ular qiziq emasdi, u ikkinchi mashinani kutardi. Chunki Brejnev doim kortejidagi ikkinchi mashinada o‘tirgan deb ishongan. Bu safar, turli xil manbalarga ko‘ra, Brejnevning mashinasi kortejning oxirida bo‘lgan yoki u mashinalarda umuman yo‘q edi.Ilin ikkinchi avtomashinaga qarata 11 marta o‘q uzdi. U ikkita pistoletdan baravariga o‘q uzgandi. Asosiy e’tiborni mashinaning old oynasiga qaratgan. Biroq ZIL-111G avtomashinasida SSSR rahbari emas, balki tantanali yig‘ilish ishtirokchilari bo‘lgan kosmonavtlar: A.Leonov, A.Nikolayev, V.Tereshkova va G.Beregovoylar bor edi. Shu bilan birga, tashqi ko‘rinishidan Brejnevga o‘xshab ketadigan kosmonavt G.Beregovoy haydovchining yonida o‘tirgan edi. Bu holatga chalg‘igan Ilin nishonni aniq oldim deb o‘yladi. Suiqasd oqibatida haydovchi Ilya Jarkov halok bo‘lgan. Kosmonavtlar esa omon qoldi. Beregovoy sachragan shisha parchalaridan jarohat oldi, Nikolayevga o‘q ozgina tegib o‘tdi. Shu bilan birga, Beregovoy avtomobilni boshqarishni o‘z qo‘liga olishga muvaffaq bo‘ldi va uni to‘xtatdi. Xavfsizlik xizmatining mototsiklchisi V.Zatsepilov ham yaralangan. U mototsiklni qotilga qaratib haydagan va uning o‘t ochish sektorini to‘sib qo‘ygan (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, u Ilinni mototsikl bilan urib yuborgan). Shundan so‘ng, kichik leytenant Ilin hibsga olingan.
Xalqdan ma’lumot yashirish mamlakati
Oradan bir kun o‘tib, “Izvestiya” va “Pravda” gazetalari “TASS”ning qisqa xabarini chop etishdi: “Kosmonavtlarning tantanali yig‘ilishi paytida Leonov, Nikolayev, Tereshkova va Beregovoy bo‘lgan mashinaga o‘q otildi. Avtomobil haydovchisi va unga hamroh bo‘lgan mototsiklchi jarohat oldi. Kosmik tadqiqotchilarning hech biri zarar ko‘rmadi. Otishma sodir etgan shaxs ushlandi, tergov harakatlari olib borilmoqda”. G‘arb OAVlari esa darhol bu bosh kotib Brejnevning hayotiga qilingan suiqasd ekanini e’lon qilishdi.Ilin Jinoyat kodeksining beshta moddasi bilan ayblanib, rasman kosmonavt uchuvchilarning hayotiga suiqasd qilganlikda ayblandi. Tergov davomida jinoyat sodir etish sabablari orasida shaxsiy va siyosiy sabablarning aralashmasi aniqlandi: hayotdagi muammolardan tortib, to demokratik o‘zgarishlarga intilishgacha. U aqldan ozgan deb topilib, ixtisoslashtirilgan psixiatriya kasalxonasiga yotqizilgan. Ilin 1990-yildagina ozodlikka chiqdi.
Ozroq konspirologiya
Voqea haqida konspirologik qarashlar ham ilgari surilgan. Maxfiy xizmatlar Ilinni hokimiyat oldida o‘zini ko‘rsatish uchun o‘zlari yollashgan degan versiyalar ham mavjud. Yana, bu voqea KGB ichidagi kurash bilan bog‘liq bo‘lgan, degan qarashlar ham ilgari surilgan. 21-yanvar kuni bo‘linma qo‘mondonligi ofitserning qurol bilan g‘oyib bo‘lgani haqida tegishli organlarga xabar bergan. Ilin Moskvaga uchayotgani ham ma’lum bo‘lgan. Ertasi kuni Ilinning amakisi jiyani formasini o‘g‘irlab ketgani va Kremlga borishi haqida ham xabar bergan. Biroq, ushbu ma’lumotlarga va hibsga olishga yordam beradigan boshqa omillarga qaramay, Ilin to‘xtatilmadi. Shu bilan birga, Brejnev ham xavf ostidan chiqarildi, bosh kotib boshqa mashinaga ko‘chirildi va uning mashinasi o‘rnini kosmonavtlar bo‘lgan mashina egalladi. Juda sirli voqealar rivoji...Brejnevga nisbatan boshqa suiqasdlar
Shundan keyin Sovet Ittifoqida Brejnevga nisbatan boshqa suiqasd bo‘lmadi. Ammo uni chet elda yo‘q qilishga urinishlar bo‘lgan. Leonid Ilich SSSR KPSS Markaziy komiteti bosh Kotibi bo‘lishdan oldin ham xavfli hodisalarni boshidan kechirgan. 1961-yil fevral oyida Brejnev rasmiy tashrif bilan Gvineya Respublikasiga bordi. Jazoir osmonida uchib ketayotgan Brejnev samolyotining yonida harbiy samolyotlar (ehtimol fransuzlarniki) paydo bo‘ldi, ular xavfli manevr qilishni boshladilar va Sovet samolyotiga qarata ikki marta o‘q uzdilar. Fransiya eski mustamlakachi davlat edi va SSSR’ning fransuz sobiq mustamlakalaridagi faoliyatiga to‘sqinlik qilishni istardi.1977-yil yozida esa Leonid Ilich Parijga tashrif buyurishi va Fransiya prezidenti Valeriy Jiskar d‘Esten bilan muzokaralar o‘tkazishi kerak edi. SSSR davlat xavfsizlik organlari amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan suiqasd haqida ma’lumot olishdi. Olingan operativ ma’lumotlarga ko‘ra, snayper Brejnevni G‘alaba arkasi yonidagi Mangu olovga gulchambar qo‘yish paytida o‘ldirishi kerak edi. Vaziyat xavfli edi: shu paytgacha Fransiyadagi ekstremistlar prezident de Gollning hayotiga bir necha bor suiqasd qilishgan. Sovet va fransuz maxsus xizmatlari ehtiyot choralarini ko‘rdi. Birgina G‘alaba arkiga olib boradigan ko‘chalarda 12 ming politsiyachi va 6 ming o‘t o‘chiruvchi to‘plangan. Natijada, suiqasdga urinishning oldi olindi. Brejnev 1977-yil 21-iyunda xotirjamlik bilan abadiy olovga gul qo‘ydi va muzokaralardan so‘ng o‘z vataniga qaytdi.
1978-yil may oyida Brejnev Germaniya Federativ Respublikasiga tashrif buyurdi. Davlat xavfsizlik qo‘mitasi kansler Helmut Shmidt bilan Augsburg qal’asida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan suiqasd harakati to‘g‘risida xabardor bo‘ldi. SSSR yetakchisi favqulodda kirish yo‘li orqali olib ketildi, bu ehtiyotkorlik balki o‘shanda suiqasdning oldini olgan bo‘lsa ne ajab.
Davlat rahbarlariga qarshi suiqasdlar tarixda juda ko‘p uchraydi. Ularning eng mashhuri esa shubhasiz AQSH prezidenti Jon Kennedining o‘ldirilishi edi. Ammo bu endi umuman boshqa hikoya.
Nurbek Alimov tayyorladi
Izoh (0)