Samarqand viloyatining Urgut tumani “Tersak” mahallasida yashovchi fuqaro H.O. o‘zining hamqishlog‘i X.N.ni o‘roq bilan urib, unga tan jarohati yetkazdi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev.
Samarqand viloyat IIB axborot xizmatining aniqlashtirishicha, 2021-yilning 18-yanvar kuni soat, taxminan, 10:00 da “Tersak” mahallasida yashovchi 1999-yilda tug‘ilgan X.N. yashash xonadoni oldidagi ichki yo‘lda qo‘shnisi — 1994-yilda tug‘ilgan H.O. bilan uyining yonidagi yo‘lni ta’mirlash masalasida tortishib qolgan.
O‘zaro janjal davomida H.O. qo‘lidagi o‘roq bilan mahalladoshi X.N.ning yuzi va bosh qismiga urib tan jarohati yetkazgan. Natijada fuqaro X.N. Urgut tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Urgut tumani bo‘yicha IIO FMB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)