Apple kompaniyasi birinchi buklanuvchan iPhone’ni taqdim etish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi kompaniyaning anonim manbasiga tayanib xabar berdi.

Foto: Legion media

Ta’kidlanishicha, buklanuvchan iPhone’ning yangi prototipi testdan o‘tkazilmoqda. Ammo hozircha kompaniyaning ishchi modeli mavjud emas — shu sababli bu turdagi smartfonning sotuvga chiqishi to‘g‘risida aniq reja ham yo‘q. Apple’ning yangi buklanuvchan telefoni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgandan keyingina u hozirda mavjud Samsung, Motorola va Huawei’ning buklanuvchan modellari bilan raqobatlasha oladi.

Buklanuvchan iPhone Apple’ga katta ekranga ega ixcham qurilmani yaratish imkonini beradi. Ayni vaqtda kompaniya 6,7 dyumli ekranga ega zamonaviy iPhone 12 Pro Max o‘lchamidagi telefonni sinovdan o‘tkazyapti. Rejaga ko‘ra, yangi smartfondagi sharnirlar ekran ostiga “ko‘rinmas” qilib joylashtiriladi.

Bloomberg buklanuvchan iPhone’larning yaqin vaqt ichida paydo bo‘lishiga shubha qilmoqda. Hozirda kompaniya bor diqqatini iPhone va iPad’larni yaratishga qaratgan.

Avvalroq iPhone 13 2021-yilda taqdim etilmasligi, bu yilgi lineyka iPhone 12s nomini olishi to‘g‘risida xabar berilgandi.