YouTube’dagi Alter Ego loyihasi O‘zbekiston Harbiy havo kuchlarining asosiy aerodromi bo‘lgan Xonobod bazasidan lavha tayyorladi. Unda Qarshi tumanida joylashgan ushbu harbiy bazaning maqsadi, O‘zbekiston qurollanishidan o‘rin olgan “Mig-29”, “Su-25” qiruvchi samolyoti hamda qanday qilib harbiy uchuvchi bo‘lish to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.

Kadr: YouTube

Xonobod aerodromi 1954-yilda qurilgan bo‘lib, 1980-yillarda u yerda SSSR tomonidan Afg‘onistonda olib borilgan harbiy harakatlarda ishtirok etgan qiruvchi samolyotlar polki joylashgan. 2001—2005-yillar oralig‘ida Xonobodga Amerika qo‘shinlari kontingenti kiritilgan edi. Hozirda Xonobod aerodromi to‘liq O‘zbekiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlariga tegishli.

Bazadagi barcha samolyotlar O‘zbekiston mudofaasi uchun mo‘ljallangan.

Lavha davomida uchuvchi-instruktorlar va kursantlar bilan suhbat o‘tkazilib, harbiy uchuvchi bo‘lish uchun qanday sinovlarni yengib o‘tish lozimligi, bolalikdan nimalarga e’tibor berish kerakligi va uning mashaqqatlari haqida ma’lumot berilgan.

Shuningdek, kursant-uchuvchilarni tayyorlashda foydalaniladigan “Albatros” samolyoti (“L-39”) namoyish etilgan.