“Daryo” “Muhojirlar hayoti” loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning hayotini yoritishda davom etadi. Bu galgi qahramonimiz — bir necha yillardan buyon Rossiyada ishlayotgan yigit.
Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi hamda shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar o‘zgartirildi.
To‘g‘risini aytsam, Rossiyaga muammolardan, qarzlarimdan qutulish uchun qochib kelganman. Aniqrog‘i, shunga majbur bo‘lganman. Keling, hammasini boshidan batafsil aytib beraman.
2015-yil sport maktabida gandbol bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishga kirdim. Uch yillik faoliyatim davomida o‘nlab chempionlarni yetishtirdim.
Uch yildan so‘ng sertifikatim muddati tugadi. Olish uchun 2019-yil qayta imtihon topshirdim.Odatda 40 ta savoldan 21 tasini to‘g‘ri topgan kishi imtihondan o‘tar edi. Menda esa to‘g‘ri javoblar soni 20 ta bo‘ldi va yiqildim.
To‘g‘ri, pul berib o‘tsam bo‘lardi, lekin o‘sha paytda na menda, na uyimizda pul yo‘q edi. Xullas, imtihondan o‘tolmaganimdan so‘ng ishdan bo‘shadim. Ko‘p o‘tmay qarzga “Jiguli” olib, taksichilik qila boshladim.
YouTube’dan Prezidentning tadbirkorlarga sharoit yaratish haqidagi gaplarini eshitib yurib, menda ham biznes boshlash istagi tug‘ildi.
Qishloqlarda, bilsangiz, 60 foiz aholining uyi eski. Tabiiyki, elektr nosozliklari ko‘p bo‘ladi. Elektr tarmoqlari murojaat qilsa, ular biror odam jo‘natmaydi. Yoki pulga to‘g‘rilab berishadi. Shu muammoni tadbirkorlik yo‘li bilan hal qilmoqchi bo‘ldim. Ya’ni elektr energiyasini ta’mirlash bo‘yicha biznes-loyiha ishlab chiqdim.
O‘zimning firmamni ochdim. Dastlab yurist topdim (rosa odamiga uchragan ekanman). Uni ish boshqaruvchi qilib oldim. Birgalikda firma uchun joy, ishchi topdik. Oyliklarini kelishib, yetti kishi bilan ishimizni boshladik.
Firma faoliyati haqida gapiradigan bo‘lsam, masalan, xodimlarim siz bilan olti oyga ikki tomonlama shartnoma imzolaydi. Siz shu muddatga 15 000 ming so‘m pul to‘lov qilasiz. Agar shu muddat davomida elektr hisoblagichingizning ichki tarafida biror muammo kelib chiqsa, bizga qo‘ng‘iroq qilib manzilingizni aytsangiz kifoya. Xodimlarimiz bir soat ichida yetib borib, nosozlikni to‘g‘rilaydi.
Bu qishloq aholisi uchun juda foydali taklif edi. Chunki uyga montyorni chaqirib, biror narsani tuzattirish 15 ming so‘mdan ko‘pga tushardi.
Shunday qilib, ishimiz zo‘r boshlandi. Xodimlarim uyma-uy yurib, ko‘p shartnomalar imzoladi. Aholiga xizmat ko‘rsatishni boshladik. Ishlarimiz ancha yurishib qolgandi. Ammo biroz vaqt o‘tib, mahalla oqsoqollari ishimizga qarshilik qila boshladi. Gaplashib ko‘rdim, bo‘lmadi. Oxiri viloyat oqsoqollar kengashi raisiga yordam berishini so‘rab, murojaat qildim. Afsuski, rad javobini berishdi. Noiloj boshqa tuman aholisiga xizmat ko‘rsatishga o‘tdik.
Ishlar yana yurishdi. Daromadimizdan ishchilarning bir oylik daromadini to‘ladim. Murabbiylik paytimda ham kredit olgandim. Uni to‘ladim.
Qarzimdan qutulish uchun onamni aldab, nomiga kredit oldim
Keyinroq xuddi menikiga o‘xshagan bir firma ochilganini odamlardan eshitib qoldim. Mayli, “karvon ko‘p, rizqi bo‘lak”, deb boshida uncha e’tibor qilmadim. Biroq kundan kunga tushum pasayib ketaverdi.Keyin bilsam, ish boshqaruvchimni bir yigit “tushum qilmanglar, firma yopilib ketadi. Keyin men ochaman, oyliklaringni baland qilib beraman”, deb yo‘ldan urayotgan ekan. Jahlim chiqib, uni ishdan haydab yubordim. Ishlar yana o‘z o‘rniga tushayotgan edi, ammo yana birdan to‘xtab qoldi. Hatto mashinamga benzin topolmay qoldim.
Oyliklarni to‘lash muddati kelgandi, yana kreditlar. Boshqa chora topolmay, “o‘rtoqlarimga xolodilnik, telefon, televizor kerak ekan. Siz nomingizga olib bering, ular o‘zlari to‘lar ekan”, deb onamni aldadim. Nomiga kredit oldim. Texnikalarni Chorsuga olib borib sotib yubordim. Sotgan pulimga ishchilarning oyligi va kreditlarimni to‘ladim. Buning ustiga, tog‘amdan firma ochish uchun olgan 500 dollar pulim ham bor edi.
Qarzlarimni uzish uchun astoydil ishlay boshladim. Ammo ishlarim yana yurishmadi. Keyingi oylik to‘lovlarni esa davlat ishida ishlaydigan pochchamning nomiga kredit olib to‘ladim.
Bir kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlardan chaqirishdi. Borsam, meni aldab ketgan ish boshqaruvchim “oyligimni bermadi”, deb ustimdan arz qilgan ekan. O‘tgan voqealarni qancha aytib tushuntirsam ham foydasi bo‘lmadi. Organ xodimlari pulni berishim uchun menga yetti kun muhlat qo‘ydi. Xullas, majbur bo‘lib, yana kredit olib to‘ladim.
Yordam berish uchun — 2 million 200 ming so‘m
Ishlarim hech yurishavermaganidan so‘ng yordam so‘rab, Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga bordim. U yerdagilar boshida meni juda yaxshi kutib olishdi. Dardimni eshitib, g‘oyam yaxshiligini, albatta, imtiyozli kredit olishga yordam berishlarini aytishdi.Rosa xursand edim. Keyin bilsam, buning uchun ularga a’zo bo‘lishim kerak ekan. A’zolik badali esa 2 200 000 so‘m.
O‘zi pulga muhtoj bo‘lib turgan bo‘lsam, yana shuncha pulni qayerdan olardim. Xullas, a’zo bo‘lmadim.
Qarzlarimdan qutulish uchun yana davlatdan qarz oldim
Oradan bir hafta o‘tib, yana huquqni muhofaza qiluvchi organdan telefon bo‘ldi. Bu safar sovuqda ishlamayman deb, o‘zi ketib qolgan xodimim oyligimni bermayapti deb ustimdan shikoyat qilibdi. Eng qizig‘i, bilsam, xodimimga arizani yozdirgan eski ish boshqaruvchim ekan.Menga uch kun vaqt beringlar, oylikni beraman dedim. Ammo kelishilgan vaqtgacha pul topolmadim. Buyoqda Yangi yil yaqinlashib qolgan, ishchilarning oyliklarini berishim kerak edi. Ertaga ishlarim yurishib ketsa, hammasidan qutulaman deb, yana bir yo‘lini qilib, kredit oldim. Qarzlarimni to‘ladim.
Afsuski, keyingi oydan maosh berolmaganimdan keyin xodimlarim ishdan ketdi.
Jonimga qasd qilmoqchi edim
Hammasi birdan kelgandi. Olgan mashinamning qarzi, beshta kredit, ishchilarning oyligini tezroq berishim kerak edi. Nima qilishimni bilmay, jonimga qasd qilmoqchi bo‘ldim.Tush payti. Dadam ishlari bilan chiqib ketgandi. Onam ishda, ukam o‘qishda edi.
Uyda hech kim yo‘q deb o‘ylab, arqon olib, molxonaga bordim. O‘zimni osmoqchi bo‘lib turgan paytim uch yashar o‘g‘lim ko‘rib, “dada nima tilyapsiz?” deb yig‘lab yubordi.
Arqonni bo‘ynimdan olib, bolamni yupatdim. Uyga kirib, xotinimga Rossiyaga ketishimni aytdimda, ko‘chaga chiqdim. Sinfdoshlarim Rossiyaga ketishi kerak edi. Ularning oldiga borib, meni ham olib ketishlarini iltimos qildim. Do‘stlarim rozi bo‘ldi. Shunday qilib, ota-onamga aytmasdan, xayrlashmasdan uydan qochib ketdim.
Qarzlarimni to‘lash uchun onam hatto baldog‘igacha sotibdi
Rossiyaga borganimdan keyin dadamga telefon qilgani uyaldim. Ukamga qo‘ng‘iroq qilib, men endi ishlashimni qarzlarimni uzmaguncha bormasligimni, indamay ketganim uchun ota-onamdan kechirim so‘rashini aytdim.Tinmay ishlardim. Topgan pulimning barchasini uyimga jo‘natardim. Ora-sira ukam bilan gaplashib turardim. U menga uydagi voqealarni aytib turardi.
Bilishimcha, qarzlarimni deb dadamni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari chaqirishibdi. Dadam qarzlarimni to‘lash uchun hovlini sotibdi. Mashinani ham sotib beribdi. Baribir pul yetmabdi. Oxiri onamning ziraklarigacha sotib, yana onamning nomiga kredit olishibdi. Shu pul bilan qarzdan qutulishibdi.
Buni eshitganimdan keyin yanada qattiq ishladim. Bor pulimni uyga jo‘natdim. Hozir ikkita kreditim qolgan. To‘rt oy ishlasam, ulardan ham qutulaman.
Ba’zida ota-onamni, o‘g‘limni sog‘inganda o‘ylab qolaman. Menga qarshi chiqmasdan, tashkilotlar qo‘llab-quvvatlaganida nima bo‘lardi? Axir niyatim yomon emasdi-ku? Ishim ko‘pchilik uchun foydali bo‘lardi.
Yana firmamiz borib, shartnoma tuzib, ammo telefon qilganida bormagan aholi bor. Ularning oldida qattiq xijolatdaman.
Rossiyadagi hayot haqida
Rossiyaga kelganimda boshida Ryazanda ko‘chada asfalt yotqizardim. Mehnat sharoitlari yaxshi, ertalab 8:00 dan kechki 17:00 gacha ishlardim. Maoshim 60 ming rubl (813 dollar) atrofida edi. Ammo dam olishga ruxsat yo‘q. Bir oyda bir mazam bo‘lmayapti deb bahona qilib, dam olardim.Ayni paytda Krasnodar viloyati, Gelenjik shahridaman. Ishimiz yaxshi. O‘zimizning qishloqdagi yigitlar bilan beton quyamiz. Har kuni 8:00 dan 17:00 gacha ish. Kuniga 1 500 rubldan (20 dollar atrofida) berishyapti.
Kvartirada bir o‘zim turaman. Oyiga 4 000 rubl (54 dollar) to‘layman. Yeb-ichishim ham o‘zimning hisobimdan. Kechki payt o‘zim ovqat tayyorlab yeyman, qolganini ishga obedga olib ketaman.
Ota-onam biror marta qilmishlarimni yuzimga solmagan
Musofirchilik menga farzandim ham emas, ayolim ham emas, eng avvalo ota-onamning qadriga yetishni o‘rgatdi. Yonlarida yurganimda umuman qadriga yetmagan ekanman. Bilasizmi, shuncha qarzga kirib ketganimda ham biror marta “sen nimalar qilding?”, deb yuzimga solishmagan. Aksincha, “mayli, o‘zimiz to‘laymiz”, deb onam taqib yurgan ziraklarigacha sotib, qarzimni uzishgan. Ulardan bir umr minnatdorman. Hozirgi pulimning yarmini topganimda edi, bir kun ham bu yerda yurmasdim. Borib ota-onamning xizmatini qilardim.Tadbirkorlik paytimda hammani o‘zimga o‘xshatib, ishonib qolganimdan afsuslanaman. Ko‘chadagilar hech qachon do‘st bo‘lolmas ekan. Eng yaxshi do‘st ota-onangiz, ayniqsa dadangiz ekan. Afsuski, buni kech angladim.
O‘zbekistonga qaytib, yana tadbirkorlikni boshlayman
Bu yerda yurib, ko‘p rejalar qilyapman. Inshaalloh, bir muncha pul yig‘ib, yozda uyga boraman. Birinchi bo‘lib, biror oliygohning sirtqi bo‘limiga o‘qishga topshiraman. Tadbirkorligimni yana qaytadan boshlayman. Ishlarim yurishmagan paytda meni gapirgan qo‘ni-qo‘shnilar, odamlar uchun ham bor kuchim bilan intilaman.Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.
Izoh (0)