Ikki yil davomida farzand ko‘rishni rejalashtirgan oilada hech qanday natija yuz bermagan edi. Barcha urinishlar va tibbiy aralashuv ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Nihoyat muolajalarning yakunidan so‘ng Briana Driskell testda ijobiy natijaga erishgan.

Foto: “Domashniy ochag”

Bundan avvalroq shifokorlar Briana va uning turmush o‘rtog‘i Jordanga sun’iy urug‘lantirishdan so‘ng uch egizak tug‘ilish ehtimoli 4-8 foizni tashkil etishini ma’lum qilgan. Ammo aynan bunday bo‘lishi hech kimning xayoliga kelmagan. Homiladorlikning sakkizinchi haftasida ultratovush tekshiruvi Briananing ichida 5 ta bolaning yuragi urayotganini ko‘rsatdi…

“Men deyarli hushsiz edim, nima deyishni ham bilmay qoldim va faqatgina monitordagi tasvirni tomosha qilardim”, − deydi 29 yoshli Briana. Bu haqiqiy mo‘jizaga o‘xshardi, lekin Briananing homiladorlik davri oson kechmadi.

Sun’iy urug‘lantirishdan so‘ng Brianada kuchli toksikoz – ko‘ngil aynishi va qayt qilish kuzatildi. U bir muddat shifokorlar ko‘rigida bo‘ldi. 22-haftada erta tug‘ilish xavfi yuz berganida Briana yana kasalxonaga yotqizildi – bu safar u yerda ko‘proq qolishga majbur bo‘ldi.

Foto: “Domashniy ochag”

“Kvintet” Amerikada may oyida nishonlanadigan “Onalar kuni”da tug‘ildi. Ular uch qiz va ikki o‘g‘il: Zoi Xart, Dakota Feyt, Xolin Greys, Asher Bleyz va Gevin Leyn. Ularning vazni 800 grammdan boshlab kilogrammgacha bo‘lib, shuning uchun ham chaqaloqlar zudlik bilan jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan.

Briana uzoq kutgan farzandlarini ular tug‘ilganidan bir kun o‘tib ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. “Nihoyat ularni ko‘rib, juda qattiq yig‘laganimdan nafas olishim qiyinlashib qoldi. Ona bo‘lganimga hali ham ishongim kelmaydi. Bu xuddi tushga o‘xshaydi”, − deydi u.

Yolg‘iz juftlikning 5 ta farzandli katta oilaga aylanishi bu chinakamiga o‘zgarishdir. Briana va Jordanni qo‘llab quvvatlash maqsadida allaqachon Internetda kasalxona to‘lovi va bir vaqtning o‘zida beshta chaqaloq o‘rindig‘i sig‘adigan yangi mashina sotib olish uchun mablag‘ yig‘ish e’lon qilingan.