Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri “Otchopar” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan xonadonlarning birida 6-yanvar kuni soat taxminan 08:10 da gaz-havo aralashmasining chaqnashi (portlash) yuz bergan edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati hodisa oqibatida bino devorlari qulab tushgani, vayron bo‘lgan uy ichidan ikki kishining jasadi olib chiqilganini ma’lum qilgan edi.
“Daryo” muxbirining voqea joyiga yetib borgan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakillariga tayanib xabar berishicha, portlash va undan keyingi vayronagarchiliklar oqibatida xonadon egasining 16 yoshli o‘g‘li va 14 yoshli jiyani vafot etgan. Ta’kidlanishicha, hodisa joyiga viloyat FVB, IIB, SSB va prokuratura organlari xodimlari yetib borgan, dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Voqea joyiga yetib borgan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ma’lumot berishicha, portlash oqibatida xonadon egasining 16 yoshli o‘g‘li va 14 yoshli jiyani vafot etgan.
Qayd etish joiz, bu 2020—2021-yilgi kuz-qish mavsumida O‘zbekistonda gaz portlashi oqibatida uylarning vayron bo‘lib, odamlar qurbon bo‘lishi bilan bog‘liq dastlabki holat emas. Avvalroq 30-noyabr kuni Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida, 21-noyabr kuni Qibray tumanida gaz portlashi oqibatida uylar vayron bo‘lgan, har ikkala voqea oqibatida ikki nafardan fuqaro vafot etgan edi.
Ma‘lumot uchun, O‘zbekistonda is gazi chaqnashi, is gazidan zaharlanish, havo-gaz aralashmasi chaqnashi bilan bog‘liq holatlar 2020-yilda 2019-yilga nisbatan 22 foizga ko‘paygan. Prezident Shavkat Mirziyoyev “is gazi va chaqnashlar bilan bog‘liq noxush holatlarning ortib borayotgani har bir rahbarni o‘ylantirishi kerak”ligini alohida ta’kidlagan edi.
Izoh (0)