“Daryo” nashri tarixiy shaxslar, tarixiy voqealar haqidagi maqolani davom ettirgan holda bugun Kuba ozodlik inqilobining 62 yillik tarixi va o‘zini gavanalik Bonapart sanagan, qisqa fursatda harbiy karyera qilishda omadi kelgan diktator Fulxensio Batista rejimining ag‘darilishi haqida hikoya qiladi.
Hokimiyat sari qadam
1-yanvar 1959-yil sanasida aka-uka Kastro va Chegevaralarning harbiy inqilobi natijasida Fulxensio Batista Kubadan qochib ketishga erishdi. Portugaliyada ta’qibda va quvg‘inda yurgan Batista bir ingliz jurnalistining “Nimadan ko‘proq qo‘rqasiz?” degan savoliga “Dushmanlarim o‘qi peshonamdan darcha ochishidan”, deya javob berdi. Jurnalistning “Kubaga qaytasizmi?” degan savoliga esa “Fidel Kastro aqldan ozgan odam-ku, bunday odamga ishonib bo‘lmaydi”, deb aytgan edi.Bo‘lg‘usi diktator 1901-yilda Kubaning Banes shaharchasida Karmela Saldivar Gonsales va Belisario Batista Palermo oilasida dunyoga keldi. Otasi o‘z farzandiga familiyasini berishni unchalik ham istamagani bois uni Rubem Saldivar deb atay boshlashdi. Diktatorning o‘zi esa sandig‘idagi sirlarini oshkor etishni istamasdi. 1939-yildagi saylovlar arafasida bo‘lg‘usi diktator Fulxensio Batista ismi bilan bog‘liq ma’lumotlar oshkor bo‘lmasligi uchun 15 ming dollardan voz kechishga majbur bo‘ldi.
Batista oilasi qashshoqlikda kun kechirar, bolaligidan shakarqamish plantatsiyalarida tun-u kun mehnat qilar ekan, nom qozonish, boy badavlat hayot kechirish haqida orzu qilardi. Kechki maktabni tamomlagach, harbiy xizmatga yollandi va 12 yillik xizmati davomida uning lavozimi serjantlik rutbasiga ko‘tarildi. Batista esa umri o‘tib ketayotganini his qilar, arzigulik sovringa erishish uchun harakat qilish lozimligini yaxshi anglardi.
Kuba bu davrda birin-ketin sodir bo‘ladigan inqiloblar va davlat to‘ntarishlarining asosiy bosh maydoniga aylangandi. Ispanlarning zulmidan xalos bo‘lgan orol AQShning iskanjasi ostiga tushib qolgandi. Kuba prezidenti Xerardo Machadoning boshqaruv tizimidan norozi bo‘lgan Batista harbiylardan iborat kasaba uyushmasi tashkil qildi va shu bilan birgalikda “Kolumbiya harbiy ittifoqi” deb nomlangan maxfiy tashkilot tuzdi.
Bundan maqsad davlat rahbaridan o‘ch olish edi. Isyon boshlandi. Isyon natijasida Xerardo Machado qochib ketishga majbur bo‘ldi. Mazkur serjant inqilobidan so‘ng Batista o‘zini Napoleon Bonapart bilan bir qatorga qo‘ya boshladi. O‘z yaqinlari bilan suhbatlari chog‘ida 1933-yilning sentabridagi voqealarni “18 bryummer”, 1952-yil martidagi voqealarni Napoleon Bonapartning Elba orolidan qaytishi natijasida hokimiyatni qo‘lga kiritishiga tamsil qila boshladi.
Inqilob amalga oshdi. Batista endi AQShga nisbatan loyal ekanini isbotlashi va ko‘mak olishi kerakligini tushundi. Ertasi kuni Batista AQShning Kubadagi elchisi Jefferson Kafferi huzuriga bordi. Elchi davlat departamentiga yozgan maktubida isyonchilarning aniq bir rejasi yo‘qligini, ammo ular AQShning ko‘magiga ehtiyoj sezayotgani haqida xabar yo‘llaydi. AQSh Batistaning intilishlarini yoqlaydi.
Tashrifdan so‘ng Batistaga polkovnik rutbasi berildi va “Kuba xalqining farovonligi uchun sidqidildan xizmati uchun” deya qo‘shimcha ham qilindi. Mazkur voqeadan so‘ng Batista butun inqilobiy kuchlar genshtabiga rahbarlikni ham qo‘lga kiritgani ham e’tiborga molik voqea bo‘ldi. Batista hukumat rahbari bo‘lmasa-da, u mamlakat prezidentlari va vazirlarini qo‘lqop yechganday almashtira boshlaydi. Bir necha yil ichida u to‘rt marta mamlakat rahbarini almashtirishga ulgurdi.
1930-yillarning oxiriga kelib Batistada “o‘zim ham prezident” bo‘la olaman degan fikr paydo bo‘ldi. Navbatdagi saylovlarda ishonchli g‘alaba qozondi. Ammo 1944-yildagi saylovlarda ko‘pchilikning kutmagan ishi sodir bo‘ldi – Batista saylovlarda mag‘lubiyatga uchradi. Tushkunlikka tushgan Bonapart AQShga g‘amlarini aritish uchun qochib ketdi. 1952-yilda mamlakatga qaytib, senator sifatida ish boshladi. Orzu eski, niyat baland edi. Orzuning amalga oshishi uchun yana bir harbiy inqilobga zaruriyat bor edi. Tongda Kuba prezidenti Karlos Prio Sokarras Batistadan maktub oladi. Maktubda “Seni muhlating bitdi, hukumat endi menman” jumlasi bitilgandi.
Gavana – kubacha Las Vegas
Armiya diktator tarafida edi. AQSh prezidenti Garri Trumen Batistaning siyosiy hokimiyatini tan oldi. Hokimiyatda o‘rnashib olgan Batista konstitutsiyani bekor qildi, parlamentni tarqatib yubordi, Sovet Ittifoqi bilan diplomatik munosabatlarni to‘xtatib qo‘ydi va iyun oyiga belgilangan prezidentlik saylovlarini bekor qildi. Mamlakatda har qanday norozilik namoyishi kuch bilan bostirildi.Batista davrida amerikalik uyushgan jinoyatchilik guruhlari oroldagi qimor o‘yinlari va sayyohlik markazlarini o‘z nazoratiga oldi. Jinoiy guruhlar orolda mehmonxona, o‘yinxonalar va restoranlar qura boshladi. Mamlakatda yosh qizlarni o‘g‘irlash kuchaydi, oqibatda, fohishabozlik biznesi ham gurkiradi. 1950-yillarga kelganda Kubada sakkiz yarim mingdan ortiq fohishaxonalar faoliyat yuritayotgani qayd etildi.
AQSh Kuba iqtisodiyotining 70 foizidan ortiq qismini o‘z nazorati ostiga oldi. Aholining 0,5 qismini tashkil qilgan boylar qo‘lida yer mulklarning 35 foizi jamlandi. Dehqonlar boylar mulkida ishlashga majbur bo‘lib qoldi. Batista va uning amaldorlari soqqani qilar, aholi turmush tarzi esa yildan yilga yomonlashib, qashshoqlashib borardi. 1954-yildagi navbatdagi saylovlarda Batista yana g‘alaba qozonadi. Uning jo‘ralari va hamtovoqlari diktatorga oltin unitaz va oltin telefon sovg‘a qildi.
Pichoq suyakka borib taqalgan vaziyat
Batista tanlagan yo‘l oddiy kubaliklarning toqatini toq qilgan edi. Vashington ham Batistaning tanlagan siyosatidan norozi bo‘la boshladi. Shunda Fidel Kastro boshchiligidagi inqilobchilar rejimga qarshi bosh ko‘tardi. Hukumat inqilobiy qo‘shinlarni bostirdi va qamoqqa tashladi. Boshqalar esa dorga osildi, ko‘zlari o‘yib olindi, ozodsan deya ketayotgan inqilobchilar ortidan o‘q uzildi. Batista AQSh tanqididan so‘ng inqilobchilarga nisbatan yumshoqroq siyosat yuritdi. 1955-yilgi amnistiya tufayli Fidel Kastro va uning safdoshlari qamoqdan ozod qilindi. Ammo bu ham kelajakda Batista rejimiga nisbatan yuzaga kelgan alam va isyon ruhini so‘nishi uchun asos emasdi.Hukumat isyonchilarning chiqishlarini bostirishga urinsa-da, g‘isht qolipdan ko‘chgan va xalqning diktatorga hamda uning hamtovoqlari bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik to‘dalariga nisbatan nafrati cheksiz edi. Kastro boshchiligidagi guruhlar birin-ketin g‘alaba qozona boshladi. Rasmiy Gavana esa hokimiyat tepasiga qo‘g‘irchoq Andres Riveroni olib kelishga urindi. Biroq Batista kech qolgandi.
1958-yilda Batista Gavanadagi prezident saroyida o‘zining eng so‘nggi Yangi yil oqshomini o‘tkazdi. Batista o‘zini mamlakatda hech qanday tartibsizlik sodir bo‘lmayotgandek tutdi. Aslida, Fidel Kastro yetakchiligidagi kuchlar allaqachon poytaxt sarhadlariga qadam bosgandi.
Ayni shu oqshomda diktator va uning oilasi mingan avtoulovlar karvoni poytaxtdagi harbiy aerodromga yo‘l olgandi. Gavanadan o‘sha oqshomda to‘rt harbiy uchoq parvoz qildi. Diktator yaqin safdoshlarining xotirlashicha, Batistada qayerga qochish haqida aniq bir fikr bo‘lmagandi. Shu sababli u dastavval Dominikan Respublikasiga borishga qaror qildi.
Dominika Respublikasida Fulxensio Batista uzoq vaqt qola olmadi va qisqa fursatdan keyin Portugaliyaga ravona bo‘ldi. Portugaliyadagi qisqa muddatli tashrifdan keyin diktator Batista diktator Franko Ispaniyasidan muqim boshpana topishga erishdi.
Ayrim manbalarga ko‘ra, Batista mamlakatdan chiqib ketish chog‘ida o‘zi bilan keragida ortiq oltin yombi va qimmatbaho san’at asarlarini olib chiqib ketganini va bu sobiq diktatorning Ispaniyada qashshoqlik nima bilmay hayot kechirishiga imkon bergani haqida so‘zlaydi. Kuba esa Fidel Kastro yetakchiligidagi kommunizm qurishga ahd qildi va AQSh biqinida 1-yanvar kuni Ozodlik oroli kuni sifatida nishonlandi. Fidel Kastro Kubani qanday qurdi, degan savol javobi esa boshqa mavzu hisoblanadi.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)