Rossiya migratsiya qonunchiligini buzgan 50 ming o‘zbekistonlik fuqaro 5 ming rubl jarima to‘lash orqali nolegal muhojirlik maqomidan chiqarilgan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov “Monomarkaz”da bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar beradi “Kun.uz”.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

Erkin Muhiddinovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi va konsulliklari tomonidan bevosita Rossiyada hamda O‘zbekistonning o‘zida ham o‘zbekistonliklar orasida tashviqot ishlari kuchaytirilgan. Bundan tashqari, Rossiya mutasaddi tashkilotlari tomonidan Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan mehnat muhojirlari ularga murojaat qilgan taqdirda, ko‘pchiligi tilni va qonunchilikni bilmaganligi bois qo‘pollik, dag‘allik qilmasdan e’tibor qaratib qo‘yish so‘ralgan.

“Sentabrdan o‘tgan 3 oy ichida Rossiyadagi 50 ming o‘zbekistonlik migratsiya idoralariga bordi va nolegal maqomdan chiqarildi. Bugungi kunda, Rossiya ichki ishlar vazirligi keltirgan raqamga ko‘ra, 490 mingga yaqin o‘zbekistonlik Rossiyada nolegal muhojir hisoblanadi. Endi ularni noqonuniy muhojirlikdan chiqarish bo‘yicha ham ish olib borilyapti.

Bu safar boshqacha yondashiladi. 490 ming kishining ism-sharifi, manzili olinib, O‘zbekistondagi oilalari orqali ularni Rossiya migratsiya xizmatiga borishga targ‘ib qilamiz. Yuqoridagi 50 ming kishi Rossiyadan deportatsiya, ya’ni chiqarib yuborilmadi, aksincha 5 ming rubl to‘lab Rossiyada qolishdi. Qolgan 490 ming fuqaroni ham shu tarzda noqonuniy muhojirlik maqomidan chiqarishimiz kerak”, — deydi vazirning birinchi o‘rinbosari.

Avvalroq Rossiyaga ishlashga ketmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga patent olish jarayoni osonlashtirilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagandi. Unda 2021-yil 1-yanvarga qadar Rossiya IIVning pasport-viza xizmati vakolatxonasini O‘zbekistonda ochish hamda ushbu vakolatxonada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnomani (patentni) tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlarini ko‘rsatish ko‘zda tutilgan. Yekaterinburg, Novosibirsk, Samara, Ufa, Chimkent va Istanbul shaharlarida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarini ochish rejalashtirilgandi.