Xiaomi kompaniyasi yaqin vaqtlar ichida nafaqat Mi 11 lineykasini, balki Mi 10 flagmanining arzonlashtirilgan versiyasi — Mi 10i modelini ham taqdim etishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Foto: Hi-Tech.Mail.ru

Xiaomi Mi 10i taqdimoti 2021-yilning 5-yanvar sanasida bo‘lib o‘tadi. U avvaliga Hindistonda, shundan so‘ng, dunyoning boshqa davlatlarida sotuvga chiqadi. Aftidan, ushbu smartfon boshqa bir yangilikning — hozirda Xitoyda taqdim etilgan Redmi Note 9 Pro 5G’ning xalqaro versiyasiga aylanadi.

Mi 10i’ning yangi reklama postida qurilma 120 gertsi yangilanuvchi chastotaga ega displey, 108 megapikselli kamera va Snapdragon 750 protsessoriga ega bo‘lishi oshkor qilingan. Redmi Note 9 Pro 5G ham shu kabi texnik tavsifga ega.

Agarda rostdan ham bu turli nomlarga ega bitta smartfon bo‘lsa, Mi 10i’ga 6,67 dyumli IPS ekran (Full HD+), sig‘imi 4820 mA/soatga teng akkumulyator o‘rnatilgan va u 33 vattli tezkor quvvatlanish funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Avvalroq Xiaomi Mi 11-dekabr oxiriga qadar taqdim etilishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi.