Toshkent shahri jamoat transportidan foydalanish uchun “ATTO” operatori tomonidan taqdim etiladigan imtiyozli (talaba, ijtimoiy, o‘quvchi) transport kartalarini 2021-yil 1-yanvardan boshlab poytaxtdagi 70 ta oylik yo‘l chiptalari sotish shoxobchalaridan sotib olish mumkin bo‘ladi, deya xabar qilmoqda “Toshshahartransxizmat”.
Ma’lum qilinishicha, imtiyozli transport kartalari bepul bo‘lib, faqat kerakli hujjatlar taqdim etgan holda, fuqaro o‘zi tanlagan tarif uchun to‘lovni amalga oshirishi kerak.
Shuningdek, yanvar oyidan sotuvga chiqariladigan elektron oylik yo‘l chiptalari, yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirmaslik maqsadida, 2021-yil yanvar oyi uchun avtomatik tarzda 30 kunlik tariflar bilan taqdim etiladi.
Avvalroq Toshkentda 1-dekabrdan boshlab elektron transport kartasi narxi 15 ming so‘m etib belgilangani, Toshkent jamoat transportida yo‘l haqini naqd pulda to‘lash tartibi bekor qilinmasligi hamda Toshkent metrosining Chilonzor yo‘nalishini TTZ mavzesigacha uzaytirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)