Koronavirusga chalinib tuzalganlar ham uning dastlab Buyuk Britaniyada aniqlangan yangi shtammini yuqtirib olishi mumkin. Bu haqda Jorj Meyson universitetining tizimli biologiya maktabi professori Ancha Baranova ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “RBK” “RIA Novosti”ga tayanib.
Ha, ular qayta yuqtirishdan to‘liq himoyalanmagan bo‘lishi mumkin. Bu ularning qonida ishlab chiqarilgan antitanalarning turiga bog‘liq”, — deya ogohlantirgan mutaxassis.
Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusning yangi turi aniqlangani haqida 14-dekabr kuni ma’lum qilgan edi. Angliya bosh sanitar shifokori Kris Uitti bu turdagi virus “odatiy” SARS-CoV-2’dan ko‘ra tezroq tarqalayotganini qayd etgan. Mamlakat bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning yangi genetik varianti 70 foizga yuqumliroq bo‘lishi mumkin.
Infeksiyaning yangi shtammi aniqlangani munosabati bilan Angliya janubi-sharqida, xususan, Londonda 20-dekabrdan e’tiboran cheklovlarning yuqori, to‘rtinchi darajasi joriy etildi. Keyinchalik koronavirusning yangi shtammi Buyuk Britaniyaning turli hududlarida, shu jumladan, yaqinda cheklovlarning eng qat’iy to‘rtinchi darajasi joriy qilingan hududlar tashqarisida ham aniqlandi.
JSST 20-dekabr kuni Britaniyanikiga o‘xshash koronavirus Niderlandiya, Daniya va Avstraliyada ham aniqlanganini e’lon qildi. Hozirda tashkilot bu shtammni o‘rganmoqda. Ushbu shtamm Fransiya va Yaponiyada ham qayd etildi, Germaniya va Shveysariyada ham koronavirusning “britancha shtammi”, Nigeriyada esa butunlay yangi mutatsiyasi aniqlandi. Janubiy Koreya va Iordaniyada ham ushbu shtamm bilan kasallanganlar aniqlandi. ularning barchasi avvalroq Britaniyada bo‘lib qaytgan.
Shu munosabat bilan 20 dan ortiq mamlakat Buyuk Britaniya bilan aviaqatnovlarga cheklovlar kiritdi, shu jumladan O‘zbekiston ham.
Izoh (0)