Kanada Sog‘liqni saqlash vazirligi AQShning Moderna kompaniyasi tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi vaksinani ma’qulladi, mutaxassislar vaksinaning xavfsiz, samarali va sifatli ekanligi haqida xulosa bergan. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar qildi.
Qayd etilishicha, mazkur vaksina Kanadada ma’qullangan ikkinchi vaksina sanaladi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi Moderna’dan 12-dekabr kuni ariza olgan. Mutaxassislar “to‘liq va mustaqil ma’lumotlar tahlili”ni o‘tkazgan va preparatning samaradorligi va xavfsizligi ishonch hosil qilgan.
Rasmiylarning qayd etishicha, ikkinchi vaksina 18 yosh va undan katta bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan.
Moderna vaksinasining Kanadaga yetkazib berilishi yaqin ikki sutka ichida boshlanadi. Yilning oxiriga qadar mamlakatga 168 ming doza vaksina olib kelish rejalashtirilmoqda, 2021-yilning mart oyi oxiriga borib bu ko‘rsatkichning ikki million dozaga yetishi kutilmoqda.
Kanadada shu paytga qadar 526 591 kishida koronavirus aniqlangan, 438 178 kishi kasallikdan tuzalgan, 14 459 kishi kasallik qurboniga aylangan.
Avvalroq Kanada har bir fuqarosi uchun 10 dozadan koronavirusga qarshi vaksina buyurtma qilgani ma’lum bo‘lgandi.
Izoh (0)