Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida transchegaraviy savdoni rivojlantirish bo‘yicha ishchi komissiyasining ikkinchi majlisida ishtirok etish uchun 22-dekabr, seshanba kuni Afg‘onistonning Balx viloyatida bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Balx viloyati markazi Mozori Sharif shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi sharafiga rasmiy qabul marosimi o‘tkazilgan.
Muloqot asnosida To‘ra Bobolov hamda Balx viloyati voliysi Muhammad Farhod Azimiy ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli o‘zaro do‘stlik, qardoshlik va iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada rivoj topayotgani, mamlakatlar o‘rtasida transchegaraviy savdoni rivojlantirish bo‘yicha ishchi komissiyasining navbatdagi majlisi bu munosabatlarda yangi sahifa ochishini ta’kidlab o‘tgan.
Ma’lumot uchun, Surxondaryo viloyatida qo‘shni mamlakat sarmoyadorlari ishtirokida 268 ta qo‘shma hamda xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda. 2020-yilning o‘tgan davrida afg‘onistonlik tadbirkorlarning 13 million AQSh dollarlik sarmoyasi viloyat qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalariga jalb etilgan.
Shuningdek, viloyat korxonalari tomonidan 42 million dollar qiymatidagi mahsulotlar Afg‘onistonga eksport qilingan. Uning 30 million AQSh dollarini 41 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tashkil etadi.
Viloyatda 2020–2021-yillarda afg‘onistonlik ishbilarmonlar hamkorligida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida barpo etilishi ko‘zda tutilgan 46,8 million dollarlik 44 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsion loyiha bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Avvalroq Afg‘onistonda O‘zbek tili kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari birinchi marta davlat miqyosida nishonlangani, Ashraf G‘ani Shavkat Mirziyoyevga afg‘onlararo tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirgani hamda O‘zbekiston Hirotdagi Alisher Navoiy maqbarasini ta’mirlashda Afg‘oniston bilan hamkorlik qilishi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)